add

Putin Rossiya bosh prokurorligiga Medvedevning kursdoshini taklif qildi

18.09.2025 | 17:3042793

Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF bosh prokurori lavozimiga Aleksandr Gutsan nomzodini ilgari surdi. U Dmitriy Medvedev bilan birga o‘qib, davlat ayblovi sohasida katta tajriba to‘plagan.

Putin Rossiya bosh prokurorligiga Medvedevning kursdoshini taklif qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Aleksandr Gutsanni Bosh prokuror etib tayinlash taklifini Federatsiya Kengashiga kiritdi. Bu haqda senator Andrey Klishas ma’lum qildi. Unga ko‘ra, nomzod 23 sentyabr kuni ko‘rib chiqiladi, 24 sentyabrda esa rasmiy maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.

Gutsan Leningrad davlat universiteti (hozirgi Sankt peterburg davlat universiteti)ning huquq fakultetida Dmitriy Medvedev va Adliya vaziri Konstantin Chuychenko bilan birga tahsil olgan. U kurs starostasi va komsorgi bo‘lgan. 2007–2018 yillarda Yuriy Chayka bosh prokurorlik qilgan davrda Gutsan uning o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Gutsan davlat ayblovchisi sifatida qator muhim ishlarda ishtirok etgan. Xususan, davlatga xiyonatda ayblangan otstavkadagi kapitan Aleksandr Nikitinga oid sud jarayonida qatnashgan va bu ishda ayblovlar to‘liq rad etilgan. 2016 yilda esa Domodedovo aeroportining sobiq egasi Dmitriy Kamenshikka qarshi jinoyat ishini tugatishni talab qilgan. U 2011 yildagi terror hujumi uchun xavfsizlik choralariga rioya qilmaganlikda ayblanayotgan edi.

Aleksandr Gutsan — Rossiya Federatsiyasining I darajali haqiqiy davlat maslahatchisi, bu esa armiya generali yoki flot admiraliga teng fuqarolik unvoni hisoblanadi. U shuningdek, Xavfsizlik kengashi va Davlat kengashi a’zosi, Rossiyaning hurmatli yuristi, «Shon-sharaf» va «Do‘stlik» ordenlari sohibi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid