
Putin strategik yadroviy kuchlarni sinovdan o‘tkazdi
Rossiyada qurolli kuchlarning quriqlik, dengiz va havo komponentlari ishtirokida strategik yadro mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

Rossiyada strategik yadro kuchlarining keng ko‘lamli mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Kreml matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda quriqlik, dengiz va havo kuchlari ishtirok etgan, barcha vazifalar to‘liq bajarilgan. Mashg‘ulot jarayoniga Rossiya prezidenti Vladimir Putin shaxsan rahbarlik qildi.
Sinov doirasida Plesetsk davlat kosmodromidan Kamchatkadagi «Kura» poligoni tomon «Yars» qit’alararo ballistik raketa uchirilgan. Shuningdek, Barens dengizidagi «Bryansk» atom raketa suvosti kemasidan «Sineva» ballistik raketa parvozga chiqarilgan. Umumiy mashg‘ulotlarda uzoq masofali aviatsiyaning Tu–95MS turidagi samolyotlari ham qatnashib, havodan qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazgan.
Kreml bayonotida ta’kidlanishicha, bu mashqlar harbiy qo‘mondonlik tizimining tayyorgarlik darajasini, favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish va bo‘ysunuvchi qo‘shinlar faoliyatini muvofiqlashtirish qobiliyatini tekshirish maqsadida tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun, «Yars» (RS–24) — 2009 yilda qo‘llanishga kiritilgan qattiq yoqilg‘ili qit’alararo ballistik raketa bo‘lib, 11 ming kilometrgacha masofadagi nishonlarni yo‘q qilish imkoniyatiga ega. U bir nechta mustaqil nishonlarga yo‘naltiriluvchi jangovar kallaklar bilan jihozlangan.
«Sineva» (R–29RMU2) — uch bosqichli, suyuq yoqilg‘ili raketa bo‘lib, strategik atom suvosti kemalarida joylashtiriladi. Tu–95MS esa Rossiya havo-kun kosmik kuchlarining uzoq masofali bombardimonchi samolyoti bo‘lib, u X–55 turidagi qanotli raketalarni — 2500 kilometrgacha masofadagi nishonlarga — tashish imkoniga ega.
Shuningdek, Putin joriy yil sentyabr oyida «Zapad–2025» qo‘shma Rossiya–Belarus harbiy mashg‘ulotlarida ham ishtirok etgan edi. Ushbu mashg‘ulotlarda 100 mingga yaqin harbiy xizmatchi, 10 mingdan ortiq harbiy texnika hamda strategik bo‘lmagan yadro tizimlari jalb etilgan edi.





