add

Putin Suriya bilan harbiy bazalar masalasida kelisha olmadi

Moskvaning Suriya bilan Hmeymim va Tartusdagi harbiy ob’ektlar taqdiri bo‘yicha kelishuvi haligacha hal etilmadi — Suriya TIVi umumiy kelishuvlar qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Putin Suriya bilan harbiy bazalar masalasida kelisha olmadi
Rossiya va Suriya o‘rtasidagi muzokaralar natijasida Moskvaga tegishli ikki asosiy harbiy baza — Hmeymim aerodromi va Tartusdagi moddiy-texnik ta’minot nuqtasi bo‘yicha hali oxirgi qarorga kelinmadi. Bu haqda Suriya Tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy ma’lum qildi; u o‘tgan davrdagi kelishuvlar hozir “maqbul emas” ekanini ta’kidladi. Ash-Shayboniyga ko‘ra, sobiq hokimiyat davrida Rossiya bilan imzolangan barcha kelishuvlar qayta ko‘rib chiqilishi va ularning ayrimlari «qabul qilinmasligi» mumkin. U alohida ta’kidladiki, yangi formatdagi munosabatlar xalq manfaatiga muvofiq shakllantirilishi kerak va Suriya o‘z huquqlarini cheklovchi imtiyozlardan voz kechmaydi. 15 oktyabrda birinchi marotaba Moskvani rasmiy tashrif bilan ziyorat qilgan Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a (avvalroq al-Jo‘loniy sifatida tanilgan) bilan muzokaralar ikki soatdan ortiq davom etdi. Kremldagi bayonotlarga ko‘ra, uchrashuvda Rossiyaning harbiy ob’ektlari kelajagi alohida mavzu bo‘lgan — 2017 yilda 49 yilga ijaraga olingan bu bazalarning statusi muhokama qilingan. Rossiya rasmiy vakillari, jumladan MIDning matbuot kotibi Mariya Zaxarova, ob’ektlarning funksional ko‘rinishini qayta shakllantirish bo‘yicha yopiq muzokaralar olib borilayotganini aytdi. Bu bazalar Rossiyaga O‘rta Yer dengizi hududida ta’sir o‘tkazishda muhim imkoniyatlar bergan. Bir nechta suriyalik manbalar Reuters’ga ash-Shar’aning Asadni ekstraditsiya qilishni talab qilishini va iqtisodiy imtiyozlar, jumladan arzon g‘alla ta’minoti hamda urush zararlarini qoplashni so‘rayotganini bildirgan. Rossiyaning bosh vazirt o‘rinbosari Aleksandr Novak esa neft-energetika va infratuzilma restavratsiyasida ishtirok etishga tayyorligini aytib o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid