
Putin Tramp bilan suhbatda Donetsk oblastini talab qildi — WP
19.10.2025 | 11:459114
The Washington Post manbalariga ko‘ra, Putin Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda Donetsk viloyatini to‘liq nazorat qilishni Ukrainadagi urushni to‘xtatishning asosiy sharti sifatida qo‘ygan. Bu Moskva pozitsiyasining o‘zgarmaganini ko‘rsatadi.

16 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH rahbari Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot chog‘ida Ukraina bilan mojaroni tugatish uchun Donetsk oblasti ustidan to‘liq nazoratni talab qildi. Bu haqda suhbatdan xabardor ikki yuqori mansabdor shaxs The Washington Post nashriga ma’lum qildi.
Manbalarga ko‘ra, Putinning bu bayonoti uning avvalgi talablaridan sezilarli darajada chekinmaganini ko‘rsatadi. U avval ham shunday shartlarni ilgari surgan, ammo bu kelishuvga olib kelmagan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Donetsk oblasti evaziga Zaporijjya va Xerson oblastilarining bosib olinmagan hududlariga bo‘lgan da’volaridan voz kechishga tayyor.
Shu bilan birga, Luhansk oblasti qayrib to‘liq Rossiya armiyasi nazoratida. Nashr ta’kidlashicha, Putinning bu galgi talablari avgust oyida Alyaskada Tramp bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytilganlaridan bir oz yumshoqroq. Oq uydagi ba’zi mansabdorlar buni «ilgarilash alomati» sifatida baholamoqda.
Biroq Ukraina hukumati bu taklifni qabul qilishi ehtimoli juda kam. Yevropalik diplomatlardan biri bu haqda shunday dedi: «Bu ularning o‘z mustaqilligini arzon garovga sotishiga o‘xshaydi».
The Washington Post yozishicha, 17 oktyabr kuni Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff Vashingtonda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib, Donetsk oblastini Rossiya nazoratiga o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga ko‘ndirishga uringan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hududda asosan rusiyzabon aholi yashaydi. Oq uy ham, Kreml ham bu ma’lumotga izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, Putin 2024 yil iyunida ham shunday shartlarni bayon etgan — Ukraina qo‘shinlari Luhansk, Donetsk, Xerson va Zaporijjya hududlaridan to‘liq chiqib ketishi, shuningdek, NATOga qo‘shilish rejalaridan voz kechishi kerakligini aytgan. 2025 yil avgust oyida Rossiya rahbari bu shartlar hanuz kuchda ekanini tasdiqlagan edi.





