Putin Trampga Eron masalasida yordam taklif qildi
AQSH prezidenti «agar Ukraina bilan urushni tugatsangiz, ko‘proq foyda keltirgan bo‘lardingiz» deb javob qaytardi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «juda yaxshi» telefon muloqoti o‘tkazganini ma’lum qildi. Bu haqda u Floridadagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi, uning so‘zlaridan «BBC News» va «Reuters» iqtibos keltirmoqda.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin Eron bilan nizoni hal qilishda «yordam berish» istagini bildirgan.
«Men «agar Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tugatsangiz, ko‘proq foydaliroq ish qilgan bo‘lardingiz. Bu ancha foydaliroq bo‘lardi», deb aytdim», — dedi Tramp.
U Rossiya-Ukraina urushini «cheksiz jang» deb atadi.
«Prezident Putin va [Ukraina] prezident Zelenskiy o‘rtasida juda katta nafrat mavjud, ular kelisha olmaydigandek ko‘rinmoqda. Ammo menimcha, bu mavzuda ijobiy suhbat bo‘ldi», — dedi AQSH prezidenti.
Putin va Tramp o‘rtasidagi telefon muloqoti 9-mart kuni bo‘lib o‘tdi. Kremlga ko‘ra, suhbat bir soatga yaqin davom etgan va AQSH prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirildgan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ta’kidlashicha, suhbatning asosiy mavzulari Yaqin Sharqdagi urush va Rossiyaning Ukraina bilan urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralar bo‘lgan.
Putin Eron bilan urushni tezroq siyosiy-diplomatik yo‘l bilan tugatish bo‘yicha bir qator fikrlarni bildirgan.
«Shuningdek, AQSH va Trampning Rossiya-Ukraina urushini yakunlash jarayonidagi sa’y-harakatlarini olqishladi», - deya ta’kidladi Kreml.





