
Putin Ukraina uchun AQSHda muzlatilgan pullardan 6 mlrd dollar bermoqchi
Moskva AQSHda muzlatilgan aktivlarni tinchlik bitimidan keyin Ukraina tiklanishga yo‘naltirishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, shu pullar hisobidan Trampning «Tinchlik kengashi»ga 1 mlrd dollar ajratmoqchi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSHda muzlatilgan Rossiya zaxiralarinring bir qismini Ukraina hududlarini tiklash uchun ishlatishga tayyor ekanini bildirdi. Xavfsizlik kengashi bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda u gap taxminan 6 mlrd dollar haqida ketayotganini aytdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, hatto tinchlik shartnomasi tuzilmasidan oldin ham Moskva muzlatilgan aktivlari hisobidan 1 mlrd dollarni Tramp tashabbusi bilan tuzilayotgan «Tinchlik kengashi»ga o‘tkazishi mumkin.
U qolgan mablag‘lar Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimi imzolangandan keyin janglardan zarar ko‘rgan hududlarni qayta tiklashga sarflanishi mumkinligini ta’kidladi. Bu masala AQSH ma’muriyati vakillari bilan muhokama qilinayotgani ham aytildi.
AQSH va «Tinchlik kengashi»
«Reuters» agentligining baholashicha, Ukrainada urush boshlanganidan keyin AQSHda Rossiyaning taxminan 7 mlrd dollarlik zaxiralari muzlatilgan. Putin tilga olgan «Tinchlik kengashi» g‘oyasi esa AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi hisoblanadi.
Avvaliga tuzilma G‘azo sektorini boshqarish uchun mo‘ljallangan edi, ammo «Financial Times»ning yozishicha, nizom kengroq vakolatlarni — turli mojaroli hududlarda tinchlikka ko‘maklashishni nazarda tutadi. Nashrga ko‘ra, Tramp ma’muriyati bu kengashni BMTga muqobil tuzilma va Ukraina bo‘yicha ehtimoliy kelishuv ijrosini nazorat qilish vositasi sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Xalqaro chaqiriqlar va shartlar
«Tinchlik kengashi»ga qo‘shilish takliflari bir qator davlat rahbarlariga, jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiyga yuborilgan. Rossiya prezidenti ham taklif olganini Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq tasdiqlagan edi.
Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati kengashda doimiy a’zolikni istagan davlatlardan 1 mlrd dollarlik badal talab qilmoqda. Bu to‘lovsiz a’zolik muddati uch yil bilan cheklanadi. Tashabbus atrofidagi muzokaralar esa Ukrainadagi urush va global boshqaruv masalalari bo‘yicha yangi siyosiy tortishuvlarni kuchaytirmoqda.





