add

Putin Ukrainaga qarshi urushni «to‘g‘ri va o‘z vaqtidagi qaror» deb atadi

08.10.2025 | 09:4125834

Sankt-Peterburgdagi yig‘ilishda Vladimir Putin 2022 yilda Ukrainaga qarshi urushi boshlanganini «to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilingan qaror» deb ta’kidladi.

Putin Ukrainaga qarshi urushni «to‘g‘ri va o‘z vaqtidagi qaror» deb atadi
  Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburgda rossiyalik qo‘mondonlar bilan o‘tkazgan yig‘ilishda Ukrainaga qarshi urush boshlash haqidagi qarorni «to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilingan» deb atadi. U Rossiyaning Ukraina hududlarini bosib olishini «qayta birlashish kuni» deb e’lon qilingan 30 sentyabr bilan bog‘ladi. «Bu hududlardagi aholi mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan Rossiyaga qo‘shilishni tanladi. Bu 2022 yil fevralda qabul qilingan qarorlarning to‘g‘ri va o‘z vaqtida bo‘lganini tasdiqlaydi», — dedi Putin TASS agentligi keltirgan bayonotida. Putin o‘z nutqida Rossiya «frontning barcha chiziqlarida hujum harakatlarini davom ettirayotganini» ta’kidladi, ammo Ukraina tomonini «Rossiya hududidagi tinch ob’ektlarga zarba bermoqda» deb aybladi. Shuningdek, u 2025 yil davomida Rossiya Ukrainaning 4900 kilometr kvadrat hududini egallaganini ma’lum qildi. Bu mamlakat umumiy maydonining taxminan 0,8 foizini tashkil etadi. Kreml rahbari, shuningdek, Rossiya «maxsus harbiy operatsiya»ning barcha belgilangan maqsadlariga yetishi zarurligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, urush Rossiya xavfsizligi va suverenitetini ta’minlash uchun olib borilmoqda. Bu bayonot Putinning AQSH prezidenti Donald Tramp so‘zlariga javobi sifatida ham baholanmoqda. Tramp avvalroq Rossiyani «qog‘oz yirtqich» deb atagan edi. Putin esa buni «istehzo ironiya bilan aytilgan gap bo‘lishi mumkin» deb izohladi: «Agar u shunday degan bo‘lsa, marhamat, borib shu «qog‘oz yirtqich» bilan kurashib ko‘rsin. Lekin voqealar boshqacha kechayotganini ko‘rib turibsizlar».

Teglar

Mavzuga oid