add

Putin zamonaviy texnologiyalardan qo‘rqadi — Times

31.01.2026 | 18:402 daqiqa

Bir paytlar koinotni zabt etgan imperiya bugun raqamli dunyodan devor bilan o‘ralmoqda.

Putin zamonaviy texnologiyalardan qo‘rqadi — Times

Rossiya prezidenti Vladimir Putin zamonaviy texnologiyalarga shubha bilan qaraydi, bu esa mamlakatning sun’iy intellekt ishlanmalari borasida orqada qolishiga va AT-mutaxassislarning mamlakatdan ketib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda «The Times» nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Putin mamlakatni boshqarishda internet va smartfonlardan voz kechib, eski usullardan — shifrlangan aloqa liniyasiga ega statsionar telefonlardan foydalanadi. Bunday yondashuv siyosatni zamonaviy messenjerlar va raqamli platformalar orqali muvofiqlashtiruvchi boshqa davlat rahbarlarining ish uslubiga mutlaqo zid keladi.

Sun’iy intellekt poygasida Rossiya orqada qolgan

Stenford universiteti tadqiqotiga ko‘ra, Rossiya sun’iy intellekt sanoatining umumiy salohiyati bo‘yicha 36 ta davlat orasida 28-o‘rinni egallab turibdi. Ro‘yxatda AQSH, Xitoy va Hindiston yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Luksemburg, Belgiya va Irlandiya kabi kichik davlatlar ham Rossiyani ortda qoldirgan. Tahlilchilarning fikricha, investitsion faollikning pastligi va innovatsiyalardan qo‘rqish Rossiyada yuqori texnologiyalar o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Sovet merosidan raqamli ortga chekinishgacha

Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya hukumatining texnologiyalarga bo‘lgan hozirgi munosabati sobiq sovet yetakchilari yuritgan siyosatdan tubdan farq qiladi. Sovet Ittifoqi uchun ilmiy-texnik taraqqiyot sanoatlashtirish va Sovuq urush davridagi raqobatning muhim bo‘lagi bo‘lgan. SSSR koinotni faol o‘zlashtirgan, yadroviy salohiyat va infratuzilmani rivojlantirgan bo‘lsa, Rossiyaning amaldagi rahbariyati raqamli innovatsiyalarni hokimiyatga tahdid sifatida qabul qilmoqda.

Raqamli erkinliklar cheklovi va kadrlar oqimi

«The Times», shuningdek, Rossiyada raqamli erkinliklarning cheklanishiga ham to‘xtalib o‘tgan: ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi va axborot olish imkoniyatining cheklanishi texnologik muhit rivojiga to‘siq bo‘lmoqda. Iqtisodchi Vladislav Inozemsevning fikricha, sun’iy intellekt sohasini samarali rivojlantirish uchun mustaqil startaplar va qulay investitsiya muhiti zarur, biroq bu ikkalasi ham Rossiyada deyarli mavjud emas.

Faqatgina 2022 yilning o‘zida mamlakatni 100 mingga yaqin AT-mutaxassis tark etgan, G‘arb sanksiyalari esa yuqori texnologiyali butlovchi qismlarni sotib olishni yanada qiyinlashtirgan.

Teglar

Mavzuga oid