
Putin Zelenskiy bilan Moskvada uchrashmoqchi — OAV
19.08.2025 | 20:4043523
Bu taklif AQSH prezidenti Donald Tramp bilan 18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati davomida tilga olingani aytilmoqda.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvni Moskvada o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Agence France-Presse manbalarga asoslanib xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu taklif AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan 18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati paytida bildirilgan. Bu Tramp, Zelenskiy va Yevropa rahbarlarining Oq uydagi uchrashuvi davomida sodir bo‘lgan.
Tramp Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazib, Putinga qo‘ng‘iroq qilganidan so‘ng, ularning uchrashuviga tayyorgarlik allaqachon boshlanganini ma’lum qildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uchrashuv Jenevada bo‘lishi mumkinligini aytdi. Putinni hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoiy sudning a’zosi bo‘lgan Shveysariya Putinga safar vaqtida daxlsizlik berishga tayyorligini rasman e’lon qildi. G‘arb ommaviy axborot vositalari uchrashuv o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan boshqa joylar qatorida Rim va Budapeshtni ham tilga olishdi.
Rossiya Federatsiyasi Putinning Zelenskiy bilan uchrashishga roziligini rasman tasdiqlamadi. Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov faqatgina Putin va Tramp Rossiya hamdaUkraina o‘rtasidagi ikki tomonlama muzokaralarning darajasini oshirish g‘oyasini muhokama qilganini aytib o‘tdi.





