
Putinning tanazzuli u o‘ylaganidan ham yaqin — The Telegraph
18.10.2025 | 19:0033666
Britaniyaning The Telegraph nashrining yozishicha, Rossiya o‘z resurslarini jadal sur’atda yo‘qotmoqda. Donald Tramp esa Rossiya rejimining muvaffaqiyatsiz siyosatini cheklab, Ukrainadagi urushning yaqin vaqtda tugashi uchun yo‘l ochmoqda.

Geosiyosiy strateg Mark Brolinning The Telegraph nashrida ta’kidlashicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaning iqtisodiy va harbiy salohiyatini keskin zaiflashtiruvchi siyosiy burilish yasamoqda. Uning fikricha, bu burilish ikki yo‘nalishdan iborat.
Birinchisi — Tramp Yevropani o‘z xavfsizligi uchun mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmasiga olishga chaqirdi. «Yevropa Amerika soliq to‘lovchilari hisobiga yashashni to‘xtatishi kerak. Bu ancha avval amalga oshirilishi lozim edi», — deya yozadi muallif. Uning ta’kidlashicha, bir necha avlod davomida Yevropa mamlakatlari AQSH mablag‘lariga suyandi, hatto energiya sohasida ham Rossiya neftini xarid qilishda davom etdi.
Ikkinchisi — Tramp «Sovuq urush» davridan qolgan fikrni rad etdi: Rossiya u qadar xavfli emaski, uchinchi jahon urushi xavfidan qo‘rqish kerak bo‘lsa. «Rossiya — kuchsiz, noustuvor va tez tanazzulga yuz tutayotgan davlat. Ukrainaga bosqin o‘sha tanazzulni to‘xtatish uchun qilindi, ammo aksincha, tanazzulni yanada tezlashtirdi», — deya yozadi Brolin. Uning fikricha, Rossiyaning yerlarini egallashi qimmatga tushgan va uning Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropadagi ta’sirini tiklay olmaydi.
Maqolada qayd etilishicha, Donald Tramp Ukrainaga Tomahawk raketalarini yetkazib berish masalasini ham muhokama qilmoqda. Uning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvi bu tashabbusni muhokama qilish jarayonida AQSH pozitsiyasining o‘zgarganini ko‘rsatdi. «Kremlning tahdidlari fosh bo‘ldi. Bu endi ayiqning bo‘kirishi emas, balki Rossiya hokimiyat ayvonlaridagi asabiy shivirlashdir», — deb yozadi Brolin.
Muallif fikricha, Yevropa hanuz Rossiyaning haqiqiy holatini anglamagan. Rossiyaning tizimiy zaifligi shundayki, Ukrainaga asimmetrik ustunlik berish va aniq siyosiy bosim orqali nafaqat frontda, balki Moskvadagi siyosiy muhitda ham o‘zgarish qilish mumkin.
Brolin Yevropa hali ham energiya masalasida sinovdan o‘tayotganini qayd etdi. Uning yozishicha, Yevropada Rossiya neftiga embargo joriy etilganiga qaramay, Vengriya va Slovakiya quvur orqali yetkazib berishni davom ettirmoqda. «Hatto 2025 yilda ham ayrim davlatlar Rossiya STG (suyultirilgan gaz) xaridlarini ko‘paytirgan. Fransiya, Niderlandiya va Belgiya — shular jumlasidan», — deyiladi maqolada.
Muallif Yevropa davlatlarini «energetik ikkiyuzlamachilik»ni to‘xtatishga, Rossiyadan energiya sotib olishni cheklashga va amallarini so‘zlari bilan moslashtirishga chaqirdi. «Putin o‘z resurslarini juda tez yo‘qotmoqda — buni ko‘pchilik hali anglamaydi», — deb yozadi u.
Maqolani Brolin shunday xulosa bilan yakunlaydi:
«Urushlar hech qachon ideal ssenariy bilan tugamaydi. Ular o‘q-dorilar, askarlar va pul tugaganda yakunlanadi. HAMAS buni angladi. Putin ham tez orada anglaydi».





