
Qamalgani xabar qilingan Abdullayev nega ishdan olingani Prezident selektorida aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i sifatida ishlagan Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayevning lavozimidan olinishiga nima sabab bo‘lganini aytdi.

2021 yil apreldan 2025 yil noyabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i sifatida ishlagan Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev va respublika profilaktika boshlig‘i Hotam Qodirov nima sababdan ishdan olingani ma’lum qilindi. Bu haqda bugun, 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
«Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari B.Abdullayev va departament boshlig‘i R.Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyildi selektorda.
Majlisda yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralarining hamkorligi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, o‘tgan yili bozorlar va parklarda 87 ta jinoyat sodir etilgan, shaharda jami 774 ta yong‘in yuz bergan.
Bozorlarni raqamlashtirish juda sustligi, hozircha faqat “Chorsu” va “Farhod” bozorlarida situatsion markaz tashkil qilingani qayd etilgan. Ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga mas’ul o‘rinbosari Zufar Qurbonov tayinlaganiga ikki yildan oshgani, lekin tizimni raqamlashtirish bo‘yicha hali sezilarli natija ko‘rinmayotgani tanqid qilindi.
Shu va boshqa tizimli muammo hamda kamchiliklar birinchi navbatda rahbarlarning aybi ekani ta’kidlangan. Shu bois, bunga mas’ul vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va respublika profilaktika boshlig‘i Hotam Qodirov ishdan olingani eslatib o‘tildi.
Mazkur yig‘ilishda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev va shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar O‘rmonovga hayfsan berilgandi.





