
Qamoqdan qochib, jinoyat qilgan mahkum 12 yilga qamaldi
20.10.2025 | 13:0026153
Chirchiq shahrida avtomobil o‘g‘irlagan 33 yoshli erkak sud tomonidan o‘ta xavfli jinoyatchi deb topildi. Ma’lum bo‘lishicha, u oldin ham 6 marta jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 33 yoshli mahkum tomonidan takroran jinoyat sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «Millar» ko‘rsatuvi xabar berdi.
Terguv ma’lumotlariga ko‘ra, u «Lacetti» haydovchisi yo‘lda mashinani nosozlik sabab to‘xtatganidan foydalanib, yordam bermoqchi bo‘lganini aytgan va rulga o‘tirgach, transport vositasini o‘g‘irlab ketgan.
Mashina ichidagi pul hamda boshqa qimmatbaho buyumlarni egallagan jinoyatchi keyinchalik avtomashinani yaqin atrofdagi maktab yonida tashlab ketgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan bu shaxs oldin ham olti marta jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jinoyat sodir etilgan paytda u manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lib, ma’muriyat buyrug‘i bilan boshqa bir manzilga ishlash uchun o‘tkazilgan.
O‘sha yerda u boshqa bir ishlayotgan ayol bilan tanishib, ishqiy munosabat boshlagan va birgalikda qochib ketishga qaror qilishgan. Qochoqlar uy-joy topishga urinishgan, ammo omadsizlikka uchragandan so‘ng yana o‘g‘irlik yo‘liga qaytishgan.
Sud materiallariga ko‘ra, ayblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘irlik) va 267-moddasi (Avtomototransport vositasini olib qochish) bo‘yicha aybdor deb topilgan va 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.





