
Qashg‘arda «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston–Turkmaniston» multimodal yo‘nalishi ochildi
Yangi tranzit yo‘nalishi Markaziy Osiyo va Xitoyni bog‘lab, «O‘rta yo‘lak» orqali Yevropa, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish imkonini yaratadi.

15 oktyabr kuni Xitoyning Qashg‘ar shahrida «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston–Turkmaniston» multimodal yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashish harakatlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Yangi transport yo‘nalishi «Markaziy Osiyo–Xitoy» hamda «Xitoy–Yevropa» qit’alararo yo‘llarini diversifikatsiya qilish, shuningdek, «O‘rta yo‘lak» tranzit imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu loyiha mintaqadagi yuk tashuv tizimini yanada samarali va barqaror qilishni maqsad qiladi.
Marosim doirasida Qashg‘ardan 7 ta yuk avtomobili harakatni boshladi. Ular 21 oktyabr kuni O‘zbekistonga, 24 oktyabr kuni esa Turkmanistonga yetib borishi rejalashtirilgan. Yuklarning bir qismi keyinchalik Turkmaniston orqali Ozarboyjonga yetkaziladi.
Xitoy Transport vazirligi Transport xizmatlari departamenti direktori Say Tuangje ta’kidlaganidek, yangi marshrut Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy rahbarlarining hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan irodasining amaliy natijasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalish barcha ishtirokchi davlatlar iqtisodiy o‘sishiga, o‘zaro yuk tashish hajmlarini ko‘paytirishga va «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini amalga oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, Qashg‘ar orqali o‘tayotgan ushbu multimodal yo‘nalish nafaqat Yevropa, balki Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish uchun ham muhim logistik yo‘lak sifatida xizmat qiladi. Loyiha mintaqaviy savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, shuningdek, transport va infratuzilma sohasidagi yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochishi kutilmoqda.





