Logo

Qashqadaryoda otaning o‘z qiziga nisbatan zo‘ravonlik qilgani haqidagi xabarlar tekshirilmoqda

Bugun 14:552 daqiqa

Vaqt.uz muxbiri holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovadan izoh oldi.

Qashqadaryoda otaning o‘z qiziga nisbatan zo‘ravonlik qilgani haqidagi xabarlar tekshirilmoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida voyaga yetmagan qiz o‘z otasi tomonidan muntazam ravishda jismoniy va jinsiy zo‘ravonlikka uchrab kelganini iddao qilmoqda. Mazkur holat yuzasidan yuborilgan murojaat nusxasi Vaqt.uz tahririyatiga ham kelib tushdi.

Murojaatda bayon qilinishicha, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro U.D. (muqaddam sudlangan) spirtli ichimliklar ta’sirida o‘zining voyaga yetmagan qizi — 2008 yilda tug‘ilgan X.D.ga nisbatan davomli ravishda zo‘ravonlik harakatlarini sodir etib kelgan.

Shuningdek, gumonlanuvchi ushbu holatni sir saqlash maqsadida jabrlanuvchini oila a’zolarining hayotiga tahdid qilish orqali qo‘rqitib kelgani aytiladi.

«Bu voqealar tufayli bir necha bor o‘z jonimga qasd qilmoqchi bo‘ldim. Biroq onam va kichik yoshdagi ukalarimning xavfsizligi uchun uzoq vaqt sukut saqlashga majbur bo‘ldim», — deydi X.D o‘z murojaatida.

Bundan tashqari, arizada ota oiladagi boshqa voyaga yetmagan farzandlariga ham doimiy ravishda jismoniy tazyiq o‘tkazib kelgani ta’kidlangan. Murojaat muallifi huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ushbu holatga qonuniy baho berishni va otani otalik huquqidan mahrum etishni so‘ragan.

Holat Bolalar ombudsmanining ham nazoratida

Vaziyat yuzasidan Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Vaqt.uz'ga rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan X.D.ning murojaati Bolalar ombudsmani tomonidan alohida nazoratga olingan.

Rahmonovaning so‘zlariga ko‘ra, voyaga yetmagan X.D. va uning qonuniy vakili (onasi) T.Z. Koson tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Ariza asosida 2026 yil 9-iyundan buyon tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida quyidagi choralar belgilangan:

Sud-tibbiy ekspertizasi;

Sudga oid kriminalistik ekspertiza;

Sud-psixologik ekspertizasi tayinlangan.

«Hozirda mazkur ish yurituvida voyaga yetmagan jabrlanuvchining manfaatlari va protsessual huquqlari ta’minlanishi yuzasidan Bolalar ombudsmani o‘z vakolati doirasida kuzatuv olib bormoqda», — deya ta’kidladi Surayyo Rahmonova.

Teglar

Mavzuga oid