
Qaysi hududda aholi jon boshiga xizmatlar hajmi yuqori?
19.10.2025 | 10:0030233
2025 yilning yanvar–avgust oylarida aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 16,7 million so‘mni tashkil etdi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi — bu natija boshqa hududlardan bir necha barobar yuqori.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–avgust oylarida aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 16,7 million so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,5 foiz ko‘pdir.
Xizmatlar sohasi o‘sish sur’ati mamlakat iqtisodiyotidagi faol savdo, transport va turizm xizmatlarining kengayishi bilan bog‘liq. Shuningdek, elektron to‘lov tizimlarining ommalashishi va xizmatlar bozori raqobatining kuchayishi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchilikni saqlab qolgan — bu yerda aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 76,6 million so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich respublika o‘rtacha darajasidan qariyb besh barobar yuqori.
Navoiy viloyati 14,1 million so‘m bilan ikkinchi o‘rinni, Toshkent viloyati esa 13,6 million so‘m bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 12,4 million so‘mni tashkil etdi.
Eng past natijalar Surxondaryo (7,1 mln so‘m) va Qashqadaryo (8,8 mln so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Bu hududlarda xizmatlar soqasi hali ham cheklangan bo‘lib, iqtisodiy faollik asosan qishloq xo‘jaligi va xomashyo ishlab chiqarishga bog‘liq holda qolmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mamlakatda xizmatlar bozorini kengaytirish va hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘nalishida davlat va xususiy sektor hamkorligi davom etmoqda.





