Logo

Qimmat aviachiptalar, XVJ xavotirlari va yagona QR

Iqtisodchi Otabek Bakirov bilan «Avval iqtisod» dasturining yangi sonida Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari, XVJning ogohlantiruvi, asosiy stavka, yoqilg‘i narxlari, aviatsiya bozori va yagona QR tizimi muhokama qilindi.

«Avval iqtisod» dasturining 18-sonida iqtisodiyotidagi eng dolzarb mavzular tahlil qilindi. Suhbat avvalida Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari, unda imzolangan kelishuvlar va investorlar uchun ahamiyatli bo‘lgan yo‘nalishlar muhokama markazida bo‘ldi.

Shuningdek, Xalqaro valuta jamg‘armasining O‘zbekiston bo‘yicha navbatdagi missiyasi yakunlari, iqtisodiyotning qizib ketishi bilan bog‘liq xavotirlar, budjet xarajatlari, imtiyozli kreditlash va ichki talabning yuqoriligi kabi masalalar atroflicha tahlil qilinadi. Ekspert XVJ qayd etayotgan xatarlarning inflatsiya, kredit bozori va valuta kursiga ehtimoliy ta’siri yuzasidan ham fikr bildiradi.

Dasturda Markaziy bankning asosiy stavkani ketma-ket 14 foiz darajasida saqlab qolish qarori ham muhokama qilinadi. Pul-kredit siyosatining istiqbollari, stavkani pasaytirish uchun qanday sharoitlar zarurligi hamda bu qarorning aholi va biznes uchun oqibatlari haqida so‘z yuritiladi.

Navbatdagi mavzu sifatida yoqilg‘i bozori ko‘tariladi. Jahon bozorida neft narxlari pasayayotgan bir paytda O‘zbekistonda AI-92 benzini va propan narxlarining rekord darajalarga chiqishi, importdagi qaramlik, bozordagi raqobat muhiti va narxlar istiqboli tahlil qilinadi.

Ko‘rsatuvda aviatsiya sohasidagi o‘zgarishlar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Hukumat tomonidan Uzbekistan Airways qiymatini oshirish bo‘yicha bildirilgan rejalar, «ochiq osmon» siyosati, loukosterlar kirib kelishi va buning aviachiptalar narxiga ta’siri muhokama qilinadi.

Dastur yakunida esa 1-iyuldan boshlab majburiy bo‘lishi kutilayotgan yagona QR tizimi, uning biznes va iste’molchilar uchun afzalliklari hamda ehtimoliy muammolari yuzasidan fikr almashiladi. Ekspert yagona QR atrofidagi komissiyalar, raqobat masalalari va yangi tizimning bozorga ta’sirini baholaydi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 154

Barchasi

Mavzuga oid