
Qirg‘iziston Nipah virusi sabab Hindistondan hayvon importini to‘xtatdi
Qirg‘iziston veterinariya xavfsizligini ta’minlash maqsadida Hindistondan ayrim hayvonlar va hayvon mahsulotlarini olib kirishni taqiqladi.

Qirg‘iziston 28-yanvardan boshlab Hindistondan Nipah virusiga moil bo‘lgan hayvonlar hamda hayvon mahsulotlarini olib kirishni vaqtincha taqiqladi.
Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, cheklov choralari Hindiston hududida Nipah virusi qayd etilgani bilan bog‘liq. Vazirlik bu qaror veterinariya-sanitariya xavfsizligini ta’minlash uchun qabul qilinganini ta’kidlagan.
Nipah virusi o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. U asosan hayvonlar orqali insonlarga yuqishi mumkin bo‘lib, og‘ir klinik oqibatlarga olib kelishi ehtimoli yuqori. Shu bois, virus tarqalishining oldini olish maqsadida import cheklovlari joriy etilmoqda.
Qirg‘iziston veterinariya xizmati fuqarolarga kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan chorvachilik mahsulotlarini sotib olmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, bozor va savdo nuqtalaridan xarid qilingan mahsulotlarda tegishli veterinariya hujjatlari mavjudligiga alohida e’tibor berish so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, yuzaga kelgan epizootik vaziyat Qirg‘iziston Veterinariya, chorvachilikni rivojlantirish, yaylov va ozuqa xizmati tomonidan doimiy nazoratga olingan. Mas’ul idoralar xavf darajasini baholash va zarur hollarda qo‘shimcha cheklov choralarini joriy etishni davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nipah virusi o‘zi nima, qanday yo‘llar orqali yuqadi, O‘zbekistonda virusning tarqalish ehtimoli qanchalik yuqorili haqida maqola e’lon qilgan edik.





