
Qirg‘iziston O‘zbekistondan daromadda o‘tib ketish arafasida — iqtisodchilar
So‘nggi uch yilda Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda eng tez rivojlanayotgan davlatga aylandi. Mamlakatda jon boshiga daromad O‘zbekistonga yaqinlashib, 2027 yildan undan oshib ketishi mumkin.

Qirg‘izistonda so‘nggi uch yil ichida jon boshiga daromad qariyb ikki barobar oshdi. Bu Markaziy Osiyoda eng yuqori o‘sish sur’ati bo‘lib, yillik iqtisodiy o‘sish 9 foizga yaqin bo‘ldi. Jon boshiga daromad 2500 dollarga yetdi. Solishtirish uchun, shu davrda O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 37 foizga, Qozog‘istonda 42 foizga o‘sgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikriga ko‘ra (https://t.me/the_bakiroo/10394), mamlakatda bunday o‘sish Japarov va Tashiyev hokimiyati tomonidan kuchli markazlashtirish siyosati yuritilgani, byudjet va bojxona tizimidagi teshiklar yopilgani, milliy resurslar qaytarilgani va jinoiy tuzilmalarga qarshi kurash kuchaytirilgani bilan bog‘liq. Shu orqali Qirg‘iziston davlat byudjeti so‘nggi to‘rt yilda uch barobarga oshdi va ijtimoiy xarajatlar ortib, aholi daromadlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Iqtisodiy o‘sishga ikkinchi omil sifatida Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalardan foydalanish va Qirg‘izistonning parallel import xabi sifatida shakllanishi ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Avtomobillar, texnika va turli tovarlar Qirg‘iziston orqali Rossiyaga kirib borayotgani oxirgi yillarda odatiy holga aylandi.
Jahon valyutasida hisoblangan o‘sish sur’ati ushbu tendensiya saqlansa, 2026 yilda Qirg‘iziston jon boshiga daromad bo‘yicha O‘zbekistonni deyarli quvib yetadi. 2027 yildan esa Qirg‘iziston fuqarosi O‘zbekiston fuqarosidan o‘rtacha boyroq bo‘lishi kutilmoqda. 2030 yilga kelib esa farq 1,5 barobarga yetishi mumkin, deb yozdi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘z telegram kanalida.
Qirg‘iziston bugungi kunda dunyoda jon boshiga daromadi eng tez o‘sgan mamlakatlardan biriga aylandi. Bu jarayonda mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy sharoit katta ahamiyat kasb etgan. Mutaxassislar Qirg‘iziston bu o‘sishni saqlab qolish uchun yangi iqtisodiy manbalar topishi kerakligini ta’kidlashmoqda.





