add

Qirg‘izistonda o‘qituvchi va shifokorlar maoshi ikki barobar oshadi

Bugun 18:582242 daqiqa

2026 yil 1-apreldan Qirg‘izistonda pedagoglar va tibbiyot xodimlari oyligi 100 foizga oshirilib, qo‘shimcha prezident kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi.

Qirg‘izistonda o‘qituvchi va shifokorlar maoshi ikki barobar oshadi

Qirg‘izistonda 2026 yil 1-apreldan boshlab pedagogik va tibbiy xodimlar ish haqi 100 foizga oshiriladi. Bu haqda Xalq qurultoyida mamlakat prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, o‘qituvchi va shifokorga hurmat — kuchli davlatning asosi hisoblanadi.

«O‘qituvchi millat kelajagini shakllantiradi, shifokor esa inson salomatligi va hayotini muhofaza qiladi. Ammo bugun biz ularga nisbatan qo‘pol munosabat, hurmatsizlik, ba’zan esa zo‘ravonlik holatlariga duch kelyapmiz. Bu — madaniyatsizlikning eng yuqori darajasidir. Biz ushbu ikki muqaddas kasb egasiga munosib nufuz va jamiyatdagi yuqori maqomni qaytarishga majburmiz. Davlat organlari, fuqarolik jamiyati, har bir oila — barchamiz o‘qituvchi va shifokor nufuzini mustahkamlashga mas’ulmiz. Bolalarimizni o‘qitayotgan va bizni davolayotganlarga yetarli hurmat bo‘lmas ekan, biz haqiqiy ma’noda madaniyatli va rivojlangan davlatga aylana olmaymiz», — dedi Sadir Japarov.

Hozirda o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi 26 ming somni (3,6 mln so‘m) tashkil etsa, 2026 yil aprelidan keyin u taxminan 52 ming somga (7,2 mln so‘m) yetadi. Yosh, tajribasiz o‘qituvchining shahar maktabidagi oyligi 36 ming 800 somni tashkil etib, soliqlardan tashqari taxminan 31 ming 200 som qo‘liga oladi. Uzoq tog‘li hududda 30 yillik stajga ega oliy toifali matematika o‘qituvchisining maoshi esa 97 ming 600 somgacha oshadi.

Shifokorlar uchun ham shunga yaqin o‘sish ko‘zda tutilgan. Hozir 31 ming 500 som (4,3 mln so‘m) bo‘lgan o‘rtacha oylik 62 ming 500 somga (8,6 mln so‘m) yetkaziladi. Yosh shifokorning shahardagi maoshi 42 ming 100 somni tashkil etib, taxminan 35 ming 500 som sof daromad qoladi. Tog‘li hududda 30 yillik tajribaga ega oliy toifali shifokor 91 ming 700 som maosh oladi.

Bundan tashqari, artistlar oyligi o‘rtacha 46 ming 500 somga, murabbiylarniki esa 58 ming 900 somgacha oshiriladi. Texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish haqi esa qo‘shimcha 5 ming somlik kompensatsiya hisobiga o‘rtacha 80 foizga ko‘payadi. Prezident bu qaror jamiyat rivojiga qo‘shilayotgan hissani yuqori baholash ekanini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid