add

Qobil Do‘sov 5 yilu 2 oyga qamaldi: hukm jamoatchilikda muhokamaga sabab bo‘ldi

Bloger va sobiq deputat Qobil Do‘sov probatsiya shartlarini buzgani va avvalgi jazo talablariga rioya qilmagani sababli Shayxontohur tuman sudi tomonidan 5 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Suddagi so‘zlari esa keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Qobil Do‘sov 5 yilu 2 oyga qamaldi: hukm jamoatchilikda muhokamaga sabab bo‘ldi
Shayxontohur tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmga ko‘ra, Bo‘stonliq tuman kengashining sobiq deputati va faol bloger Qobil Do‘sov umumiy rejimdagi koloniyada 5 yilu 2 oy muddatga jazo o‘taydigan bo‘ldi. Bu hukm 2023 yildan buyon davom etayotgan huquqiy jarayonning navbatdagi bosqichidir.

Sud hukmiga muvofiq, 1984 yilda tug‘ilgan Q.Do‘sov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutasaddi va mas’ullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil noyabr oyida Do‘sov maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyevni haqorat qilgani uchun 1 yil ozodlikni cheklash jazosiga tortilgan edi. Unga kechki soat 21:00 dan 07:00 gacha uyidan chiqmaslik, internetdan foydalanmaslik va ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik talablari qo‘yilgan edi. Biroq, 2024 yil 24 yanvarda Yashnobod tuman sudi tomonidan belgilangan shartlar buzilgani qayd etildi. Probatsiya boshqarmasi va ichki ishlar organlari Do‘sovning jazo talablarini qasddan chetlab o‘tayotganini va profilaktik choralar samarasiz bo‘lganini bildirib, uning ozodlikni cheklash jazosini qamoq jazosiga almashtirishni so‘rashgan. Sud bu taklifni ma’qullagan.

So‘nggi sud muhokamasida Do‘sovga nisbatan 6 yillik qamoq jazosi so‘raldi, biroq unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5 yilu 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yilu 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayilandi.

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. Hukmda Qobil Do‘sovning Facebook’dagi profili hamda Telegram’dagi kanali faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi ham belgilangan.

Sudda so‘zga chiqqan Do‘sov: «Chiqarilgan hukm menga emas, ta’limning kelajagiga chiqarilgan», — degan bayonoti bilan ijtimoiy tarmoqlarda yana katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Qayd etish joiz, Do‘sovning faoliyati va bayonotlari avvaldanoq jamoatchilik va tahlilchilar diqqat markazida bo‘lib kelayotgan edi. Yangi hukm ushbu bahs va muhokamalarni yanada kuchaytirdi.

Teglar

Mavzuga oid