Qoidabuzarligi bilan faxrlangan shaxs 10 sutkaga qamaldi

27.02.2026 | 16:162 daqiqa

Prokuratura «Uzbelas Performance» rahbariga nisbatan tayinlangan 8,4 mln so‘mlik jarimani qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritgan edi.

Qoidabuzarligi bilan faxrlangan shaxs 10 sutkaga qamaldi © Foto: Darakchi.uz

Bosh prokuratura Toshkentda qoidabuzarligi bilan faxrlanishini aytgan «Uzbelas Performance» avtoservisi rahbari Asadbek Jumayevga nisbatan qo‘llanilgan jazo qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. 26-fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jumayev 2026 yil 16-yanvarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan. Sud uni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining foto yoki videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda tarqatgan deb topib, BHMning 20 baravari — 8,2 mln so‘m jarima tayinlagan.

Prokuratura bayonotida qayd etilishicha, Jumayev ishtirok etgan videointervyu qo‘shimcha o‘rganilgan va holatga xolis huquqiy baho berish zarur, deb topilgan.

Prokuratura kiritgan protestdan so‘ng, bugun, 27-fevral kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida A. Jumayevga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining jarima solish haqidagi qarori bekor qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.

Toshkent shahar sudining qaroriga muvofiq A. Jumayevga MJtKning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) bilan 10 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

uzbleas

O‘zi nima bo‘lgan?

2026 yil yanvar oyi boshida Toshkent shahrining Shahrisabz ko‘chasida ikki BMW avtomobili YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatlangani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Kadrlarda avtomobillarga turli qo‘shimcha jihozlar o‘rnatilgani, ulardan birida davlat raqam belgisi yo‘qligi ko‘ringan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, voqea ishtirokchilaridan biri «Uzbelas Performance» avtoservisi xodimi Asadbek Jumayev bo‘lgan. U bloger Malik Muhamedovga bergan intervyusida ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, bunday qoidabuzarlik uchun ayrim shaxslar 15 sutkaga qamalishi mumkinligini, ammo o‘zi «kichik jarima» — 10 BHM miqdorida to‘lov bilan cheklanganini aytgan.

Jumayevning ta’kidlashicha, hodisadan so‘ng undan kuzatuv kameralari yozuvlarini taqdim etish talab qilingan, u esa buni rad etgan. Shuningdek, u tanish-bilishlar muhim o‘rin tutishini ishora qilib, «yuz so‘ming bo‘lguncha, yuzta do‘sting bo‘lsin» degan iborani keltirgan.

«Ikki-uch yildan keyin bu videoni ko‘rsangiz, qanday munosabatda bo‘lasiz?» degan savolga javoban u qilmishidan afsuslanmasligini va baribir faxrlanishini aytgan.

Shu bilan birga, voqea YouTube uchun video tayyorlash maqsadida amalga oshirilganini ham tan olgan.

Intervyu ommaga tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama boshlanib, jamoatchilik va faollar jazo muqarrarligi hamda qonun ustuvorligi masalasida rasmiy idoralarni tanqid qila boshladi.

Teglar

Mavzuga oid