Qonunga zid tarzda reklama qilingan biologik faol qo‘shimchasi uchun kompaniya jarimaga tortildi

Bugun 12:552 daqiqa

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan «A.» biologik faol qo‘shimchasi (BFQ) reklamasi qonun talablariga zid deb topildi va kompaniyaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Qonunga zid tarzda reklama qilingan biologik faol qo‘shimchasi uchun kompaniya jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «A.» biologik faol qo‘shimchasi reklamasi yuzasidan vakolatli organlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, reklamada ta’sir xususiyatiga ega bo‘lmagan iboralardan foydalanilgani, mahsulot haqida to‘liq ma’lumot berilmagani hamda uning terapevtik samaradorligi va kasalliklarni yengillashtirishiga oid ma’lumotlar keltirilgani aniqlangan.

Mutaxassislar qayd etishicha, mazkur holatlar iste’molchilarda biologik faol qo‘shimchani dori vositasi sifatida qabul qilishga sabab bo‘lishi mumkin. Vaholanki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar dori vositasi hisoblanmaydi va ularning reklama qilinishi qat’iy talablar asosida amalga oshirilishi shart.

Qonun talablari va cheklovlar

O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni 35-moddasiga muvofiq, biologik faol qo‘shimchalar reklamasi dori vositasi ekani yoki davolash xususiyatiga ega ekani haqida taassurot uyg‘otmasligi kerak.

Shuningdek, reklamada odamlarning davolangani yoki ahvoli yaxshilangani haqidagi holatlarga havola qilinmasligi, minnatdorchilik izhorlari berilmasligi, sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi lozim.

Qonunga muvofiq, bunday mahsulotlar reklamasida bolalar tasviridan foydalanish taqiqlanadi. Reklama har bir holatda mahsulot dori vositasi emasligi haqidagi ogohlantirish bilan berilishi shart. Shuningdek, biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Qaror va ko‘rsatma

Aniqlangan holatlar asosida Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan «A.N.» MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ishni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablari buzilgani uchun kompaniyaga moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand va Buxoro viloyatlarida tashqi reklama qoidalarini buzgan korxonalarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanilganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid