
Qora dengiz – Kavkaz – Markaziy Osiyo: Turkiyaning yangi temiryo‘l yo‘lagi
Yangi temiryo‘l loyihasi yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirib, Turkiyaning Markaziy Osiyo bilan savdo va logistika aloqalarini kuchaytiradi.

Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘lining aytishicha, Samsun–Trabzon–Sarp temiryo‘l loyihasi Qora dengiz sohilidagi viloyatlarni tezkor va integratsiyalashgan temiryo‘l tarmog‘i bilan ta’minlaydi hamda Turkiyani Kavkaz va Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi strategik koridorni shakllantiradi.
Uning ta’kidlashicha, Qora dengiz sohil temiryo‘li Samsundan Sarpgacha cho‘zilib, Qora dengiz mintaqasida joylashgan 5 ta viloyat hamda Gruziya o‘rtasida temiryo‘l orqali qatnov imkonini yaratadi.
«Samsun–Trabzon–Sarp temiryo‘l loyihasi orqali Qora dengiz sohilidagi shaharlar o‘rtasida hamda shahar ichi transport harakatida sezilarli yengillik yaratiladi. Loyiha Turkiyani Kavkaz va Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan strategik temiryo‘l koridorini hosil qiladi. U ham yo‘lovchi, ham yuk tashish sohasida mintaqaga katta hissa qo‘shadi. Mavjud avtomobil yo‘llaridagi zichlik ham sezilarli darajada kamayadi», – dedi vazir.
Uralo‘g‘li loyihaga integratsiyalangan holda rejalashtirilgan Erzinjon–Trabzon temiryo‘l liniyasi orqali mintaqa shimol–janub yo‘nalishida mustahkam aloqaga ega bo‘lishini qayd etib, ushbu liniya tufayli Qora dengiz temiryo‘li xalqaro temiryo‘l tarmog‘iga integratsiya qilinishi ma’lum qildi.
Uralo‘g‘li Erzinjon–Trabzon temiryo‘l loyihasi Turkiyaning “Bir kamar — bir yo‘l” va “O‘rta koridor” deb ataladigan xalqaro temiryo‘l tarmoqlariga integratsiyasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.
«Bu loyihalar orqali mamlakatimizning logistika qudratini oshiryapmiz, Qora dengizni Kavkaz va Kavkazorti bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘laydigan yangi koridor yaratyapmiz», – dedi u.
Loyiha doirasida ko‘priklar quriladi
Uralo‘g‘li mazkur temiryo‘l liniyalari portlar bilan integratsiyalashgan va sohilga yo‘naltirilgan logistika tuzilmasi orqali xalqaro tashishlarda raqobat ustunligini ta’minlashini qayd etib, loyiha yakunlangach, ham mintaqaga, ham mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga katta hissa qo‘shishini aytdi.
Yo‘lovchi va yuk tashish maqsadida amalga oshiriladigan ushbu loyiha shimol–janub bog‘lanishlari orqali funksional tus olib, mintaqaning jozibadorligini yanada oshirishini ta’kidlagan Uralo‘g‘li quyidagilarni bildirdi:
«Temiryo‘l liniyamiz 513 kilometr qilib rejalashtirilgan. Loyihamiz soatiga 250 kilometr tezlikka mo‘ljallangan. Unda 14 ta stansiya bo‘ladi. Loyiha doirasida yiliga 12 million yo‘lovchi va 14 million tonna yuk tashish ko‘zda tutilgan. Ko‘plab tonnellar va viaduktlar (chuqur joylar, vodiylar yoki pastliklar ustidan quriladigan uzun va baland ko‘prik) quriladi. Ushbu loyiha 2026 yil Investitsiya dasturiga izlanish-loyiha (avan loyiha) ishlarini boshlash maqsadida taklif etildi. Loyihamiz orqali Sharqiy Qora dengizdagi eng yirik va jadal rivojlanayotgan shaharlar – Trabzon va Rize orqali Gruziya chegarasigacha temiryo‘l aloqasi ta’minlanadi”.





