Logo

Qo‘y go‘shti 127 foizga oshgan: O‘zbekiston go‘shtni qimmatroq import qilmoqda

Bugun 18:352 daqiqa

2026-yilning birinchi yarmida 481,7 mln dollarlik go‘sht import qildi. Import hajmi oshgani bilan birga narxlar ham keskin qimmatladi.

Qo‘y go‘shti 127 foizga oshgan: O‘zbekiston go‘shtni qimmatroq import qilmoqda

O‘zbekiston 2026-yilning birinchi yarmida 481,7 mln dollarlik go‘sht mahsulotlari importini amalga oshirdi. Bu haqda Vaqt.uz'ga Bojxona qo‘mitasi hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Import qiymati 2025-yilning mos davriga nisbatan 47 foizga ko‘paygan. Bunda xorijdan olib kelingan go‘sht mahsulotlarining miqdori 19,7 foizga ko‘payib, 146,9 ming tonnaga yetdi.

Eng ko‘p import qilingan go‘sht mahsulotlari orasida mol go‘shti yetakchi bo‘lib turibdi — 72 ming tonna. Keyingi o‘rinda 34,8 ming tonna bilan tovuq go‘shti bormoqda.

1

Iyun oyida go‘sht importi avvalgi oylarga nisbatan ko‘proq bo‘ldi. Oy davomida 87,5 mln dollarlik import qilingan bo‘lsa, avvalgi oylarda o‘rtacha import 78,8 mln dollarni tashkil qilgan.

Go‘sht qanchadan olib kelinmoqda?

Global notinchlik, logistika sharoitlari murakkablashishi va inflatsiya hisobiga O‘zbekiston go‘sht mahsulotlarini 2025-yilga nisbatan ancha qimmatroq xarid qilmoqda.

O‘tgan yilning birinchi yarmida umumiy hisobda 1 kg go‘sht o‘rtacha 2,76 dollardan olib kelingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 18,8 foizga oshib, 3,28 dollarga yetgan.

Mahsulot (dollar/kg)

2025

2026

O‘zgarish

Qoramol go‘shti

4,04

4,99

+23,5%

Tovuq go‘shti

1,17

1,20

+2,4%

Qo‘y go‘shti

1,26

2,86

+126,8%

Go‘sht submahsulotlari

1,05

0,98

−6,3%

Konserva go‘sht mahsulotlari

3,41

4,05

+18,5%

Kurka go‘shti

1,56

2,70

+73,2%

O‘rdak go‘shti

2,25

1,67

−25,5%

Kolbasa mahsulotlari

2,54

2,75

+8,2%

Cho‘chqa go‘shti

3,29

2,96

−10,1%

Ot go‘shti

3,20

3,46

+8,0%

Jami (o‘rtacha)

2,76

3,28

+18,8%

Qo‘y go‘shti import narxi eng ko‘p oshgan go‘sht mahsuloti bo‘ldi. Bir yil ichida uning narxi 126,8 foizga ko‘tarildi va 1,26 dollardan 2,86 dollarga yetdi.

Mol go‘shti 2025-yilning dastlabki 6 oyida 1 kg uchun 4,04 dollardan import qilingan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu ko‘rsatkich 4,99 dollarni tashkil qildi.

Nisbatan import narxi arzonroq bo‘lgan go‘sht mahsulotlari qatorida o‘rdak go‘shti (-25,5 foiz), cho‘chqa go‘shti (-10,1 foiz) va go‘sht submahsulotlari (-6,3 foiz) bo‘ldi.

Go‘sht yetishtirish sur’ati ham sekinlashmoqda

O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi choragida 580,2 ming tonna go‘sht yetishtirildi. Bunda o‘sish ko‘rsatkichi 2,9 foizni tashkil qildi. Yilning dastlabki choragida go‘sht ishlab chiqarishda 3 foizdan pastroq o‘sish 2022-yildan beri kuzatilmagandi.

2

Natijada mamlakat go‘shtga bo‘lgan talabni qondirish uchun qimmatroqqa tushayotgan importga tayanishga to‘g‘ri kelmoqda.

Go‘sht ishlab chiqarish sur’ati sekinlashishi chorva mollari uchun yem narxi oshgani bilan izohlanadi. Shu sabab bilan 2026-yilda aynan dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida go‘sht yetishtirish kamaygan.

Bozorda narxlar qanday?

Markaziy bank ma’lum qilishicha, 2025-yil davomida mol go‘shti 23,9 foizga, suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, qo‘y go‘shti 26,9 foizga qimmatlagan.

Biroq, go‘sht narxi bozorlarda 200 ming so‘mgacha, supermarketlarda esa 259 ming so‘mgacha qimmatlagani ma’lum bo‘lgandi.

1-iyun holatiga ko‘ra, mol go‘shtining yillik narxi 19 foizga, suyaksiz mol go‘shti 20,5 foizga, qo‘y go‘shti esa 22,8 foizga qimmatlagan.

Ichki ishlab chiqarishning sekinlashuvi va global bozordagi narxlar bosimi O‘zbekistonni tobora qimmatroq importga bog‘lab qo‘ymoqda. Bu esa yaqin oylar ichida go‘sht narxlarining barqarorlashishini emas, balki yanada oshishini ehtimoldan xoli qilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid