
Qozog‘iston elektr energiyasi tariflarini 7 yilga muzlatmoqchi
Qozog‘istonda elektr energiyasi uchun maksimal tariflar 2026 yildan 2032 yilgacha oshirilmasligi belgilanmoqda. Energetika vazirligi bu bo‘yicha maxsus loyiha e’lon qildi.

Qozog‘iston Energetika vazirligi mamlakatdagi elektr energiyasi narxlarini mutlaq barqarorlashtirish maqsadida yangi tartib loyihasini jamoat muhokamasiga qo‘ydi.
Hujjatga ko‘ra, elektr energiyasi uchun maksimal (chegara) tariflar 2026–2032 yillarda umuman oshirilmaydi. Bu qaror Qoim-Jo‘mart To‘qayev boshchiligida 8-oktabrda o‘tgan iqtisodiy disbalanslar va inflatsiya xatarlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qabul qilingan topshiriqlardan kelib chiqqan.
Loyihaga muvofiq, 2026–2032 yillar uchun chegara tariflari 2025 yilda amal qilayotgan tariflar bilan bir xil darajada belgilanadi. Bu degani, energota’minlovchi kompaniyalar uchun narx chegarasi yetti yil davomida o‘zgarmasdan qoladi. Vazirlikning qayd etishicha, tariflarni muzlatish yagona elektr xaridori uchun ham qo‘shimcha moliyaviy bosim yaratmaydi, chunki tartib amaldagi 2025 yil chegaralari asosida shakllantirilgan.
Hukumat fikricha, tariflarni uzoq muddatga barqaror saqlash inflyatsiyani nazorat qilishda, makroiqtisodiy muvozanatni tiklashda va aholi xarajatlarini prognoz qilishda muhim omil bo‘ladi. Bu jarayon ishlab chiqaruvchilarga ham aniq biznes-rejalashtirish imkonini beradi. Biroq ayrim ekspertlar tariflarni yetti yilga muzlatish energetika sohasida investitsiya faolligini pasaytirishi mumkinligini ham ta’kidlamoqda.
Yangi tariflar 2026 yil 1-yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan va 2032 yil oxirigacha amal qiladi.
Hujjat loyihasi Qozog‘istonning «Ochiq me’yoriy huquqiy hujjatlar» platformasida joylashtirilgan va 17-dekabrgacha jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq.
Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda bir vaqtlik iste’mol 4 kW dan oshsa — xonadon tokdan avtomatik uzilishi haqida xabar bergan edik.





