
Qozog‘iston endi o‘z byudjetini kripto zaxirasida ham saqlaydi
29.09.2025 | 20:2235333
Qozog‘iston davlat moliyaviy siyosatida yangi bosqich boshlandi — mamlakat tarixida ilk bor kripto zaxira ishga tushirildi.

Qozog‘istonda «Astana» Xalqaro moliyaviy markazi (XMM) ekotizimida ro‘yxatdan o‘tgan birinchi davlat kripto zaxirasi — Alem Crypto Fund ish boshladi. Jamg‘arma Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi tomonidan Qozog‘iston Venture Group ishtirokida ta’sis etilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari, sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev aytishicha, jamg‘arma raqamli aktivlarga uzoq muddatli investitsiyalarning muhim vositasi va milliy raqamli zaxiralarni shakllantirish uchun poydevor bo‘ladi.
«Bizning maqsadimiz - Alem Crypto Fund’ni yirik investorlar uchun ishonchli mexanizmga aylantirish va kelajakda undan davlat jamg‘armalari uchun foydalanishdir», - deya ta’kidladi u.
Tashabbusning strategik hamkori Binance Kazakhstan bo‘ldi. Jamg‘armaning dastlabki investitsiyasi BNB Chain tarmog‘ining asosiy aktivi hisoblangan BNB tokeniga yo‘naltirildi. Bu token tranzaksiyalar amalga oshirish, komissiya to‘lovlarini amalga oshirish va ekotizimni boshqarish uchun qo‘llaniladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda BNBning bozor qiymati 138 milliard AQSH dollaridan oshgan bo‘lib, bu uni jahon bozoridagi eng barqaror raqamli aktivlardan biriga aylantiradi.
Binance Kazakhstan bosh menejeri Nurxat Qo‘shimov qo‘shimcha qilishicha, jamg‘armaning BNB foydasiga tanlovi Binance ekotizimiga bo‘lgan ishonchni tasdiqlaydi va Qozog‘istonning kriptovalyutalarni institutsionalizatsiya qilish yo‘lidagi qadamini namoyon etadi.





