add

Qozog‘iston Rossiya neftining Xitoyga tranzitini to‘xtatishi mumkin

Kecha 08:072112 daqiqa

AQSHning «Rosneft»ga nisbatan sanksiyalari tufayli Qozog‘iston orqali Xitoyga o‘tadigan Rossiya neftin tranziti xavf ostida qoldi. Qarorni AQSH Moliya vazirligi belgilaydi.

Qozog‘iston Rossiya neftining Xitoyga tranzitini to‘xtatishi mumkin

Qozog‘iston orqali Xitoyga chiqadigan Atasu–Alashankou neft quvuri orqali Rossiya neftini yetkazib berish sanksiya fonida noaniq ahvolga tushdi. RTVI manbalariga ko‘ra, «Rosneft» ushbu tarmoq orqali yiliga 10 mln tonna neftni G‘arbiy Sibirdan Xitoyga eksport qiladi. Milliy operator «Kaztransoil» 2023 yilda tuzilgan shartnoma asosida har tonna uchun 15 dollar tranzit to‘lovi oladi.

Oktyabr oyida AQSH «Rosneft»ga nisbatan bloklovchi sanksiyalar joriy qilib, kompaniya bilan har qanday operatsiyalarni taqiqladi. Shu munosabat bilan Qozog‘iston Energetika vazirligi Vashingtonga rasmiy tushuntirish so‘rab murojaat yo‘lladi. Agar AQSH Moliya vazirligi umumiy litsenziya bersa va quvurni sanksiyalardan mustasno qilsa, yetkazib berish hajmlari o‘zgarmaydi. Litsenziya berilmasa, Qozog‘iston ikki variant oldida qoladi: tranzitni to‘xtatish yoki «Kaztransoil»ga nisbatan ikkilamchi sanksiya xavfini qabul qilish.

Manbalariga ko‘ra, Qozog‘iston G‘arb bilan muzokaralarda mamlakat «oldindan olgan xalqaro majburiyatlariga amal qilishini» alohida ta’kidlamoqda. Agar litsenziya berilsa, «Rosneft» va Qozog‘iston o‘rtasidagi 150 mln dollarlik hisob-kitoblar milliy valyutada amalga oshirilishi mumkin.

Xitoy Rossiya neftini asosan dengiz orqali sotib oladi — kuniga 1–1,5 mln barrel atrofida. Ammo AQSH sanksiyalaridan keyin Sinopec, PetroChina va qator xususiy NQIZlar Rossiya barrellarini qabul qilishdan vaqtincha voz kechdi. Kpler hisob-kitoblariga ko‘ra, noyabrda Xitoy import hajmi 36 foizga qisqarib, kuniga 926 ming barrelga tushgan.

Tahlilchi Yohanes Rauball sanksiyalar tahdidi Xitoyning kuniga 300–400 ming barrellik importini xavf ostiga qo‘yishini aytmoqda. Davlat NQIZlari ehtiyotkor bo‘lsa-da, xususiy zavodlar arzonlashgan barrellar sabab Rossiya neftin yana xarid qilishga qaytishi mumkin. Rauballga ko‘ra, ehtimol Xitoy Rossiya neftini to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, balki vositachi treyderlar orqali xarid qilishni davom ettiradi.

Bu orada Rossiyaning asosiy eksport navli nefti — Urals’ning soliq solishda asos bo‘ladigan o‘rtacha narxi noyabr oyida barrelga 44,87 dollargacha tushdi. Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi xabariga ko‘ra, bu oktabrga nisbatan 16 foizga kam.

Teglar

Mavzuga oid