Qozog‘iston yangi Konstitutsiyasi: islohotmi yoki muddat «nollashtirish»? | «FIKR VAQTI»
Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Hujjat hokimiyat tizimini qayta shakllantiradi, ammo Qosim-Jo‘mart To‘qayev muddati atrofida hamon ayrim savollar mavjud.
Qozog‘istonda prezident Qosim-Jo‘mart Toqayev boshlagan konstitutsiyaviy islohotlar yangi bosqichga o‘tdi. 30-yanvar kuni Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Hujjat amaldagi asosiy qonunning deyarli barcha bo‘limlarini qamrab oladi va davlat boshqaruvi arxitekturasini tubdan qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
Loyihada parlamentni ikki palatali tizimdan yakka palatali modelga o‘tkazish, Xalq kengashini tashkil etish, prezident va vitse-prezident vakolatlarini qayta belgilash kabi keng qamrovli o‘zgarishlar taklif qilinmoqda. Rasmiy bayonotlarda bu qadamlar hokimiyat vertikalini modernizatsiya qilish va siyosiy institutlar samaradorligini oshirishga qaratilgani ta’kidlanadi.
Shu bilan birga, ekspertlar islohotlarning siyosiy oqibatlariga alohida e’tibor qaratmoqda. Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar hokimiyat taqsimoti va mas’uliyat mexanizmlarini qanday o‘zgartirishi hozircha asosiy savol bo‘lib turibdi.
Yangi loyihada parlamentni yakka palatali qilish orqali qonunchilik jarayonini soddalashtirish maqsad qilingan. Bu tezkor qaror qabul qilish imkonini oshirishi mumkin, biroq nazorat va muvozanat tizimi qay darajada saqlanishi masalasi muhokama markazida qolmoqda.
Xalq kengashini tashkil etish taklifi esa maslahat organi sifatida jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga qaratilgani aytilmoqda. Ammo uning real vakolatlari va ta’sir mexanizmi hali aniq emas.
Prezident va vitse-prezident institutining qayta belgilanishi esa ijro hokimiyatidagi mas’uliyatni taqsimlashga xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, bu o‘zgarishlar amaldagi siyosiy balansni qanday o‘zgartirishi ochiq masala bo‘lib qolmoqda.
Jamoatchilik orasidagi asosiy xavotirlardan biri — ushbu islohotlar prezidentlik muddatini «nollashtirish» imkonini berishi mumkinligi haqidagi taxminlardir. Rasmiylar bunday iddaolarni rad etmoqda va o‘zgarishlar institutsional islohot ekanini ta’kidlamoqda.
Masalaning siyosiy jihatlari «Fikr vaqti» dasturida siyosatshunoslar Bektosh Berdiyev va Muxtor Nazirov ishtirokida muhokama qilindi.
Ekspertlarning fikricha, Konstitutsiyaning mazmuni va uning amaliy tatbiqi mamlakatda hokimiyat almashuvi madaniyati shakllanadimi yoki yo‘qmi — aynan shuni belgilab beradi.
Teglar


