
Qozog‘istonda 30 ming davlat xizmatchisiga AI ko‘nikmalari o‘rgatiladi
Qozog‘istonda davlat xizmatchilarini sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga o‘rgatishga qaratilgan AI Qyzmet dasturi ishga tushirildi. Bu haqda «24KZ» telekanali xabar berdi.

Ushbu keng ko‘lamli tashabbus davlat apparatlari samaradorligini oshirish, raqamli yechimlarni keng joriy etishga xizmat qiladi. Dastur doirasida o‘quv mashg‘ulotlari qisqa videodarslar formatida tashkil etiladi.
2025 yil oxirigacha 30 ming davlat xizmatchisini o‘qitish rejalashtirilgan. Keygi 5 yil ichida esa sun’iy intellekt asoslariga 1 million nafar qozog‘istonlikni o‘qitish ko‘zda tutilgan.
Qozog‘iston Respublikasi Davlat xizmatlari agentligi rahbari Darxan Jaziqbayning ta’kidlashicha, zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt va Big Data bazalarini davlat boshqaruvida samarali qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Shu bois, agentlik davlat xizmatchilarining raqamli ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rmoqda.
AI Qyzmet dasturi orqali davlat xizmatchilari zamonaviy texnologiyalarni ish jarayonida to‘g‘ri va samarali qo‘llash imkoniga ega bo‘ladi.





