
Qozog‘istonda yuzni berkituvchi kiyimlar taqiqlandi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yuzni tanishga to‘sqinlik qiluvchi kiyimlarga nisbatan rasmiy taqiqni o‘z ichiga olgan qonunni imzoladi. Yangi tartibga ko‘ra, jamoat joylarida bunday kiyimlarda yurish taqiqlanadi. Bu haqda Tengrinews.kz axborot agentligi xabar berdi.

Qonun matnida ta’kidlanishicha, faqat maxsus holatlarda — qonun talablarini bajarish, xizmat vazifalari, tibbiy sabablar, fuqarolik himoyasi, ob-havo sharoiti yoki madaniy va sport tadbirlarida ishtirok etish kabi vaziyatlarda bunday kiyimlarga ruxsat etiladi. Qolgan barcha holatlarda yuzni to‘sib turuvchi kiyim taqiqlanadi.
Bu tashabbus avvalroq, iyun oyi boshida Qozog‘iston Senati tomonidan ko‘rib chiqilgan edi. Senatorlar jamoat joylarida shaxsni aniqlashga xalal beradigan kiyimlarga cheklov qo‘yishni taklif qilgan. Qonun endi rasman kuchga kirdi.





