
Qurbon hayitida Toshkent jamoat transporti erta tongdan harakatni boshlaydi
03.06.2025 | 18:4530772
6 iyun, juma kuni Qurbon hayiti munosabati bilan Toshkent shahrida barcha avtobus va metro qatnovlari soat 03:00 dan boshlab harakatni boshlaydi. Bu qaror hayit namoziga boruvchi fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida qabul qilingan.

Shahar transportining erta tongdan ish boshlashi fuqarolarning masjidlarga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlashga xizmat qiladi. Ayni paytda, Toshkent shahar transport boshqarmasi hayit kunida yo‘lovchi oqimi oshishi mumkinligini hisobga olib, yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobuslar ajratish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
Hayit kunida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishda tartib va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda ish olib boriladi. Metro stansiyalarida nazorat va yo‘naltiruvchi xizmatlar kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi aholini shaxsiy transportdan kamroq foydalanishga, jamoat transporti orqali harakatlanishga chaqirdi. Bu shahar ko‘chalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarni kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Qurbon hayiti musulmonlar uchun ulug‘ bayramlardan biri hisoblanadi. Bu kunda namoz o‘qish uchun ertalab masjidlarga borish an’ana hisoblanadi. Jamoat transporti harakatining erta boshlanishi ushbu diniy ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi.





