add

Qurilish vazirligi IIV'dan tadbirkorga nisbatan chora ko‘rishni so‘radi

20.09.2025 | 15:0045963

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkentda qurilish ruxsatnomalari korrupsiyalashgani haqida gapirgan tadbirkorga chora ko‘rishni so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy murojaat yo‘lladi.

Qurilish vazirligi IIV'dan tadbirkorga nisbatan chora ko‘rishni so‘radi
29 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda o‘zini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov «Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor» degan da’vo bilan chiqqan edi. Vazirlik bunga javoban jarayonlar raqamlashtirilgani, korrupsiya xavflari minimallashtirilgani va ortiqcha mablag‘ talab qilish amalda istisno etilishini aytib izoh bergandi. Endi esa vazirlik tadbirkorga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga murojaat yo‘lladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. Murojaatda sabab sifatida tadbirkorning gaplari sohaga oid islohotlar hamda vazirlikning obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, bu esa o‘z navbatida vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazgani aytilmoqda. Shu bois Abdusamadovga nisbatan belgilangan tartibda javobgarlik choralari ko‘rishni so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga ariza yuborilgan. Vazirlik qurilish sohasida barcha davlat xizmatlari belgilangan tartibda elektron tizim orqali amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilish qat’iy taqiqlanganini eslatdi. Arizalar faqat Yagona davlat xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi. Hamma jarayonlar — ruxsatnoma olishdan tortib, ob’ektni foydalanishga qabul qilishgacha — «Shaffof qurilish» axborot tizimida nazorat qilinadi. Bu tartib 2022 yil 20 apreldagi Vazirlar Mahkamasining 200-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar asosida amalga oshirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid