add

Qurilishda soxtakorlik qilgan tashkilotlar «qora ro‘yxat»ga kiritiladi

08.09.2025 | 20:4044484

Fuqarolarni xabardor qilmasdan ishchi qilib rasmiylashtirgan qurilish tashkilotlari tenderdan chetlatiladi va insofsiz ijrochilar ro‘yxatiga kiritiladi.

Qurilishda soxtakorlik qilgan tashkilotlar «qora ro‘yxat»ga kiritiladi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lumot berishicha, ayrim tashkilotlar o‘z reytingini oshirish maqsadida fuqarolarni roziligisiz ishchi sifatida rasmiylashtirgan holatlar aniqlangan. Bunday soxtakorlik holatlari rasmiy tartibda huquqiy choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi. Vazirlik ta’kidlashicha, qurilish va loyiha tashkilotlari reytingi 2020 yil 9 noyabrdagi 699-sonli Hukumat qarori asosida shakllantiriladi. Reyting avtomatik ravishda turli vazirlik va idoralar ma’lumotlari asosida hisoblanadi. Xususan, ishchi soni va ularga to‘langan oylik maosh haqidagi ma’lumotlar Bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi bazalaridan olinadi. «Shaffof qurilish» axborot tizimi esa faqat jamlangan ma’lumotlarni taqdim etadi, ularni o‘zgartirish yoki soxtaligini aniqlash vakolatiga ega emas. Qonunchilikka ko‘ra, davlat xaridlarida yolg‘on yoki soxta hujjat taqdim etgan tashkilotlar Insofsiz ijrochilar reyestriga kiritiladi. Ushbu reyestr Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yuritiladi. Shu bois tender yoki reyting jarayonida soxta ma’lumot taqdim etgan qurilish tashkilotlari tender bayonnomasi bekor qilinib, qonuniy tartibda «qora ro‘yxat»ga kiritilishi mumkin. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Bandlik vazirligi bilan hamkorlikda fuqaroni roziligisiz ishchi sifatida rasmiylashtirishni cheklash va bir shaxsning bir nechta tashkilotda asossiz ro‘yxatga olinishining oldini olish bo‘yicha yangi tartiblar ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, 2022 yil 31 yanvardagi 46-sonli Hukumat qaroriga asosan, qurilish tashkiloti tomonidan tender yoki reyting jarayonida soxta ma’lumot taqdim etilgani aniqlansa, tegishli idoralar xulosasiga ko‘ra vazirlik tomonidan elektron bayonnoma bekor qilinadi. Vazirlik ta’kidlashicha, soxta ma’lumot kiritgan tashkilotlarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi va ularning davlat xaridlarida ishtirok etishi cheklanishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, avvalroq qurilish sohasidagi muammolar: norasmiy ishlovchilar, soliq va kadastrdagi korrupsiya haqida tahliliy maqola bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid