add

Qurilishni vaqtida topshirmagan kompaniyalardan to‘lovlar undirilib berildi

Bugun 13:082 daqiqa

Qurilish muddatlari buzilishi ortidan kelib chiqqan nizo Raqobat qo‘mitasi aralashuvi bilan fuqarolar foydasiga hal etildi.

Qurilishni vaqtida topshirmagan kompaniyalardan to‘lovlar undirilib berildi

Qurilish sohasida shartnomalar bajarilmasligi bilan bog‘liq muammolar so‘nggi yillarda ko‘payib borayotgan bir paytda, navbatdagi shunday holat davlat idorasi aralashuvi bilan ijobiy yechim topdi. Fuqarolarning murojaati asosida qurilish kompaniyasi tomonidan qaytarilmay kelingan to‘lov mablag‘lari to‘liq undirib berildi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qo‘mitaga murojaat qilgan fuqarolar P.M. va M.F. 2023 yilda “GRAND COMFORT BUILDING” MCHJ bilan “RABAD” savdo markazi qurilishida ishtirok etish maqsadida shartnoma imzolagan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, obyekt 2025 yil fevral oyida foydalanishga topshirilishi lozim edi.

Biroq belgilangan muddatga kelib qurilish ishlari to‘xtab qolgani, savdo markazi topshirilmasligi aniq bo‘lgan. Shu sababli fuqarolar 2025 yil avgust oyida shartnomani bekor qilish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan, ammo to‘langan mablag‘lar uzoq vaqt davomida qaytarilmagan.

Bu holat fuqarolarning haqli noroziligiga sabab bo‘lib, ular o‘z huquqlarini qonun doirasida himoya qilish uchun Raqobat qo‘mitasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. Murojaat Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘rganishlar natijasida, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi talablari buzilgani aniqlandi. Mazkur moddaga ko‘ra, ijrochi ishlarni shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda bajarishi shart.

Natijada qurilish kompaniyasi tomonidan har bir iste’molchiga 133 602 000 so‘mdan, jami 267 204 000 so‘m mablag‘ qaytarib berildi. Shu orqali fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklangan.

Raqobat qo‘mitasi bildirishicha, qurilish sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, qonunbuzarliklarning oldini olish va shartnomalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Teglar

Mavzuga oid