
Qurol xaridlarida yo‘qotilgan milliard: Ukraina 30 ta shartnoma orqali qurol-yarog‘ ololmadi
16.05.2025 | 14:4010163
Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini tufayli mamlakat mudofaa ehtiyojlarini tezda qondirish maqsadida Ukraina chet eldan qurol va o‘q-dorilarni shoshilinch ravishda xarid qildi. Financial Times taftishi natijasiga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida Ukraina kamida 30 ta shartnoma bo‘yicha pullari oldindan to‘langan qurollarni ololmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyev 770 mln dollarlik avans mablag‘ini turli mamlakatlardagi qurol sotuvchi kompaniyalarga to‘lab, javoban qurol yoki uskunalarni olmagan yo to‘liq bo‘lmagan miqdorda, yoki nosoz holda qabul qilgan. Bu mamlakat mudofaa byudjeti (yiliga taxminan 6–8 mlrd dollar)ning sezilarli qismiga to‘g‘ri keladi.
Sobiq mudofaa vaziri Aleksey Reznikovning ta’kidlashicha, frontda o‘limga duch kelayotgan harbiylarni tezda qurollantirish eng ustuvor vazifa bo‘lgan va shunday sharoitda narxga emas, yetkazib berish tezligiga e’tibor berilgan.
Ukraina huquqni muhofaza qiluvchi organlari ayni paytda xorijlik qurol brokerlari bilan tuzilgan o‘nlab shartnomalarni o‘rganmoqda. Jumladan, Mudofaa vazirligining sobiq rasmiylari Toomas Naxkur va Aleksandr Liyev Xorvatiyadan 100 mingta mina sotib olish jarayonida 36 mln dollarni o‘zlashtirishga urinishda gumon qilinmoqda. Ular o‘z aybini tan olmayapti.
Ukraina Mudofaa vazirligi 309 mln dollar avansni sud orqali qaytarib olish ustida ishlamoqda. Qolgan 460 mln dollar bo‘yicha yetkazib beruvchilar bilan sudgacha bo‘lgan muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, Ukraina Vena arbitraj sudida AQSHning «OTL Imports» kompaniyasiga qarshi da’voni yutdi. Kompaniya 17,1 mln dollar oldindan to‘lab berilgan bo‘lishiga qaramay, o‘q-dori yetkazib bermagan. FT ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya eksport qilishga ruxsat olmagan holda shartnoma tuzgan.





