
Qurolli Kuchlarga yo‘l — sinov va suhbat orqali: yangi nizom kuchga kirdi
07.07.2025 | 21:4532752
O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi tasdiqlandi.

2025 yil 7 iyulda Hukumatning 413-sonli qarori bilan chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tanlab olish tartibini belgilaydigan yangi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, endi harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etiladigan va Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishni istagan fuqarolar maxsus tanlov asosida saralanadi. Har bir chaqiriluvchi bu tanlovda bir yilda faqat bir marta ishtirok etishi mumkin. Saralash jarayoni har yili 10 avgustdan boshlab keyingi yilning 10 fevraligacha davom etadi.
Tanlov davomida chaqiriluvchilar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning harbiy xizmatga qiziqishi, sog‘lig‘i, huquqbuzarliklar tarixi, bilim darajasi va oilaviy sharoiti o‘rganiladi.
Bundan tashqari, chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarligi ham sinovdan o‘tkaziladi. Buning uchun ular turnikda tortilish, 100 metrga va 3000 metrga yugurish kabi normativlar bo‘yicha imtihon topshiradi.
Jarayon yakunida chaqiriluvchining xizmatga tavsiya etilishi yoki etilmasligi bo‘yicha xulosa chiqariladi.





