Logo

Quyosh paneli o‘rnatganlarga yarim yilda 330,8 mlrd so‘m subsidiya to‘landi

Bugun 21:552 daqiqa

2026 yilning birinchi yarim yilligida 68,6 ming nafar fuqaro elektr tarmoqlariga uzatgan quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan 330,8 mlrd so‘m subsidiya oldi. Eng katta to‘lovlar Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Quyosh paneli o‘rnatganlarga yarim yilda 330,8 mlrd so‘m subsidiya to‘landi © BMT taraqqiyot dasturi

2026 yilning yanvar–iyun oylarida elektr tarmoqlariga uzatilgan quyosh energiyasi uchun 68,6 ming nafar jismoniy shaxsga davlat budjetidan jami 330 mlrd 822,7 mln so‘m subsidiya to‘landi.

Soliq qo‘mitasi xabar berishicha, faqat iyun oyining o‘zida 61,1 ming nafar fuqaroga 100 mlrd 715,1 mln so‘m subsidiya ajratilgan.

Shuningdek, olti oy davomida elektr tarmoqlariga 330 ming 823 ta ijobiy tafovut (ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi) qayd etilgan. Iyun oyida esa bu ko‘rsatkich 100 ming 715 taни tashkil etgan.

Eng ko‘p subsidiya Buxoro viloyatiga to‘langan

Hududlar kesimida eng katta subsidiya quyidagi viloyatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan:

●     Buxoro viloyati — 61 mlrd 932 mln so‘m;

●     Xorazm viloyati — 60 mlrd 528 mln so‘m;

●     Qashqadaryo viloyati — 37 mlrd 338 mln so‘m;

●     Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 38 mlrd 945 mln so‘m;

●     Navoiy viloyati — 25 mlrd 303 mln so‘m.

image_2026-08-02_17-04-57

Keyingi o‘rinlarni Farg‘ona viloyati (22 mlrd 52 mln so‘m), Toshkent shahri (17 mlrd 989 mln so‘m), Samarqand viloyati (17 mlrd 857 mln so‘m), Toshkent viloyati (15 mlrd 922 mln so‘m) va Namangan viloyati (12 mlrd 959 mln so‘m) egalladi.

Shuningdek, subsidiyalar Andijon viloyatiга 6 mlrd 164 mln so‘m, Surxondaryo viloyatiга 5 mlrd 460 mln so‘m, Jizzax viloyatiга 4 mlrd 805 mln so‘m hamda Sirdaryo viloyatiга 3 mlrd 569 mln so‘m miqdorida to‘langan.

Iyun oyida qaysi hududlar yetakchilik qildi?

Iyun oyida ham eng katta subsidiyalar Buxoro (18 mlrd 207 mln so‘m), Xorazm (18 mlrd 48 mln so‘m) va Qoraqalpog‘iston (12 mlrd 163 mln so‘m) hissasiga to‘g‘ri keldi.

2

Ulardan keyin Qashqadaryo (11 mlrd 440 mln so‘m), Navoiy (7 mlrd 787 mln so‘m), Farg‘ona (7 mlrd 254 mln so‘m) va Samarqand (5 mlrd 724 mln so‘m) joylashgan.

O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatib, iste’molidan ortgan elektr energiyasini tarmoqqa sotayotgan fuqarolarga subsidiya to‘lash to‘xtab qolgani e’tirozlarga sabab bo‘lgach, 2-iyul kuni Soliq qo‘mitasi quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolar 2026 yilning aprel—may oylari uchun subsidiya summalarini olishi mumkinligini e’lon qilgandi.

“Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi 2023 yil 1-apreldan boshlangandi.

Teglar

Mavzuga oid