Logo

Raqobat qo‘mitasi 237 ta dorixona dori narxlarini oshirib qo‘llaganini aniqladi

Bugun 15:221 daqiqa

Tekshiruvlar davomida aniqlangan 148 810 ta holat bo‘yicha dorixonalarning 1,9 mlrd so‘mlik asossiz daromadi iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Raqobat qo‘mitasi 237 ta dorixona dori narxlarini oshirib qo‘llaganini aniqladi © Ijtimoiy tarmoqlar

Raqobat qo‘mitasi 2026 yilning II choragi davomida dori vositalari uchun belgilangan cheklangan savdo ustamalarini oshirib qo‘llash holatlarini aniqladi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qoidabuzarliklar soliq organlari tizimi orqali aniqlanib, «Fair Tech» yagona axborot tizimiga yuborilgan ma’lumotlar asosida o‘rganilgan.

Natijada 237 ta dorixonada dori vositalari belgilangan me’yordan yuqori ustama bilan sotilgani ma’lum bo‘ldi. Ulardan 33 tasi ulgurji, 204 tasi esa chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi dorixonalar hisoblanadi.

Minglab qoidabuzarlik aniqlandi

O‘rganishlar davomida ushbu dorixonalarda jami 148 810 ta holatda belgilangan savdo ustamalari oshirib qo‘llangani qayd etildi.

Buning natijasida dorixonalar tomonidan 1,9 mlrd so‘m miqdorida asossiz daromad olingani aniqlangan.

Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu mablag‘lar bo‘yicha iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Shuningdek, iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rildi.

«Qo‘mita tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilib, qonunchilik talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan dorixonalarga nisbatan chora ko‘rish davom ettiriladi hamda ularning ro‘yxati ochiq tarzda e’lon qilib borilishi ma’lum qilinadi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi «Anor Bank»ni reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Raqobat qo‘mitasi 237 ta dorixona dori narxlarini oshirib qo‘llaganini aniqladi | Vaqt.uz