«Ravshan Zolotoy» nega Interpol qidiruvidan olib tashlangani ochiqlandi
U Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha ayblangandi.
O‘zbekistonlik taniqli tadbirkor G‘ofur Rahimovning jiyani ekani aytiladigan, odamlar orasida «Ravshan Zolotoy» nomi bilan tanilgan Ravshan Muhiddinovni javobgarlikka tortish muddati o‘tgani munosabati bilan jinoyat ishining unga nisbatan bo‘lgan qismi tugatilgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Dilmurod Mirsodiqovning so‘zlariga ko‘ra, «Ravshan Zolotoy»ga nisbatan qidiruv 2021-yilgi holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida e’lon qilingan. Ammo vaqt o‘tgandan keyin javobgarlikka tortish muddati o‘tgani munosabati bilan jinoyat ishining unga nisbatan bo‘lgan qismi tugatilgan. Qator tergov harakatlari o‘tkazilganidan keyin «Ravshan Zolotoy»ga nisbatan boshqa arizalar ham kelib tushgani sabab holat bo‘yicha yana qidiruv harakatlari jadallashtirilgan. Barcha tergov harakatlari o‘tkazilganidan keyin uning boshqa ayblovi tasdiqlanmaganidan so‘ng qolgan qidiruv harakatlari bekor qilingan.
Ravshan Muhitdinov Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash) 242-moddasi 2-qismi (jinoiy uyushma tashkil etish), 277-moddasi 3-qismi (bezorilik) bilan ayblangan.
«Ravshan Zolotoy» o‘zi kim?
U yoshligidan «Ravshan Zolotoy», Tilla nomini olgan. Uning tog‘asi bilan mojarolar sabab uni O‘zbekistonga kira olmagani haqida ham mish-mishlar tarqalgan.
Muhiddinov G‘ofur Rahimovga nisbatan tazyiqlar kuchaygan davrda og‘ir jinoyatlarda ayblangan va mamlakatni tark etgan. OAVda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2007-yil 18 yoshda bo‘lgan Ravshan Muhiddinov Jinoyat kodeksining 242-moddasi (uyushgan jinoiy guruh tuzish va unga bevosita rahbarlik qilish)da ayblanib, qidiruvga berilgan. U asosan Turkiyaning Istanbul va Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shaharlarida istiqomat qilgan. 2009-yil sentabrda Interpol orqali qidiruvga berilgan Ravshan Muhiddinov Turkiyaning Istanbul shahrida Otaturk aeroportida hibsga olingan. Shuningdek, hibsga olinganidan so‘ng 3 yil davomida Istanbuldagi Moltepa qamoqxonasida saqlangan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan.
Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, 2013-yil oktabrda Birlashgan Arab Amirliklarida takroran hibsga olingan «Ravshan Zolotoy» 2013-yil dekabriga qadar Dubaydagi Al-Avir qamoqxonasida ushlab turilgan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan. O‘sha vaqtda OAVga intervyu bergan Ravshan Muhiddinovning otasi Bahodir Muhiddinov o‘g‘liga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini oradan 12 yil o‘tib qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga maktub yo‘llaganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Ravshan Zolotoy» xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozgan edik.





