add

Razvedka Trampga Eron «eng zaif holatda» ekanini ma’lum qildi

Bugun 10:122 daqiqa

AQSH ma’muriyati ichida ayni paytda Eronga harbiy zarbalar berish maqsadga muvofiqligi borasida bahslar ketmoqda.

Razvedka Trampga Eron «eng zaif holatda» ekanini ma’lum qildi

AQSH razvedka xizmatlari prezident Donald Trampga taqdim etgan hisobotlarga ko‘ra, Eron hukumati 1979 yilgi Islom inqilobidan beri eng zaif holatda. Bu haqda manbalariga tayanib, «The New York Times» xabar berdi.

Nashrning yozishicha, razvedkaning ko‘plab ma’ruzalari Tehrondagi hokimiyat misli ko‘rilmagan darajada zaiflashganini ko‘rsatmoqda. 2025 yil oxirida boshlangan norozilik namoyishlari hatto oliy rahnamo Ali Xomanaiyni qo‘llab-quvvatlash tayanchi hisoblangan hududlarni ham qamrab olgan. Shu bilan birga, «tarixan zaif iqtisodiyot» hukumatni aholi ahvolini yaxshilash imkoniyatidan mahrum qilgan, 2026 yil yanvar oyida namoyishlarni kuch bilan bostirish esa odamlarni hokimiyatdan yanada uzoqlashtirgan.

Ayni paytda Tramp ma’muriyati mintaqadagi harbiy ishtirokni kuchaytirmoqda. 27-yanvar holatiga ko‘ra, «Avraam Linkoln» avianosetsi uchta «Tomahawk» qanotli raketalari bilan jihozlangan kemalar hamrohligida AQSH Markaziy qo‘mondonligi mas’uliyat hududiga kirdi. Pentagon shuningdek qo‘shimcha F-15E hujumchi samolyotlari bilan guruhni kuchaytirdi, bazalarni himoya qilish uchun «Patriot» va «THAAD» tizimlarini joylashtirdi hamda AQSH hududidagi uzoq masofali bombardimonchilarni yuqori shay holatga keltirdi.

Bundan oldin Tramp namoyishlarni shafqatsiz bostirgani uchun Tehronga «ilgari hech qachon ko‘rilmagan» zarbalar bilan tahdid qilgan edi. Biroq 26-yanvar kuni «Axios»ga bergan intervyusida AQSH prezidenti hozircha bu zarbalarni bermaslikka qaror qilganini, chunki Eron hukumati namoyishchilarga nisbatan qatllarni bekor qilganini aytgandi.

«The New York Times»ning yozishicha, AQSH ma’muriyati ichida ayni paytda Eronga harbiy zarbalar berish maqsadga muvofiqligi borasida bahslar ketmoqda, ayniqsa agar bu zarbalar faqat ramziy tusga ega bo‘lib, namoyishlarni bostirishda ishtirok etgan hukumati vakillariga aloqador obyektlar bilangina cheklansa.

Namoyishlar qurbonlari soni haqidagi ma’lumotlar turlicha. «Time» jurnaliga gapirgan Eron Sog‘liqni saqlash vazirligining ikki yuqori lavozimli amaldori ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 8–9-yanvar kunlari 30 ming nafargacha odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Rasmiy hukumat esa 23-yanvar kuni 3 117 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, ulardan 2 427 nafari tinch aholi va xavfsizlik kuchlari vakillari, 690 nafari esa «terrorchilar» bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid