add

Reklama qonunchiligini buzgan to‘rtta kompaniya jarimaga tortildi

Bugun 10:542 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi qurilish obyektlarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazmasdan reklama qilgan kompaniyalarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi.

Reklama qonunchiligini buzgan to‘rtta kompaniya jarimaga tortildi

O‘zbekistonda reklama qonunchiligi talablarini buzgan bir qator qurilish kompaniyalariga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, «Sam-Ros-Stroy» MCHJ, «Shaxram Tower» MCHJ, «Baxora KBM» MCHJ hamda «Business Shopping Center» MCHJga tegishli turar joy majmualari belgilangan elektron ro‘yxatga kiritilmagan. Shunga qaramasdan, mazkur obyektlar ijtimoiy tarmoqlar orqali faol tarzda reklama qilingan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27-maydagi PQ-4732-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga binoan, ulush kiritish asosida qurilish uchun mablag‘ jalb etuvchi quruvchilar maxsus elektron ro‘yxatga kiritilgan bo‘lishi shart. Ushbu talab bajarilmagan taqdirda qurilish obyektlarini reklama qilish taqiqlanadi.

Shuningdek, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq, tegishli ruxsatnoma, litsenziya yoki sertifikatlarsiz tovar va xizmatlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonun talablari buzilishi iste’molchilar manfaatlariga jiddiy xavf solishi mumkinligi qayd etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi maxsus komissiyasi qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan kompaniyalarga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi hamda qonunbuzilishni to‘xtatish va kelgusida takrorlamaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi va Markaziy bank inflatsiyani pasaytirish, narxlar barqarorligini ta’minlash va bozorlarda sog‘lom raqobatni kuchaytirishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzolagani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid