Rekord ko‘rsatkichlar: banklar yarim yilda qanday foyda oldi?
O‘zbekiston banklari yarim yil uchun moliyaviy hisobotlarini e’lon qilmoqda. 6 oyda «Ipotekabank» 1,4 trln so‘m foyda olgan bo‘lsa, «SQB» foydasini 1,1 trln so‘mga yetkazdi. Aksariyat banklar o‘zi uchun rekord darajadagi moliyaviy natijalarga erishgan.
© Foto: spot.uzO‘zbekiston banklari 2026-yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha moliyaviy hisobotlarini e’lon qilishni boshladi. Vaqt.uz ularning tahlilini taqdim qiladi.
«Ipotekabank»
2023-yili xususiylashtirish natijasida Vengriyaning OTP Bank’iga sotilgan «Ipotekabank» 2026-yilning II choragida 1 trln 388,7 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu O‘zbekiston banklari uchun rekord ko‘rsatkich.
Taqqoslash uchun bank o‘tgan yilning mos davrida 392,5 mlrd so‘m zarar ko‘rgandi. «Ipotekabank» moliyaviy ko‘rsatkichini bir yilda 1 trln 781 mlrd so‘mga yaxshiladi.
Bunday moliyaviy yaxshilanishga bank o‘tgan yili kreditlar bo‘yicha zaxira qilgani bilan izohlanadi. Vengriya banki tomonidan sotib olinggach «Ipotekabank»ning muammoli kreditlari qayta ko‘rib chiqildi va bu foydaga ta’sir qildi.
2025-yilning birinchi yarmida kredit bo‘yicha zaxira uchun 3 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 969 mlrd so‘mgacha kamaydi.
«Ipotekabank» I chorakda O‘zbekistondagi eng ko‘p foyda olgan bankka aylanib olgandi. Katta ehtimol bilan bank bu chorakda ham shu maqomni saqlab qoldi.
«SQB»
Mamlakatdagi davlat banklaridan biri «SQB» yarim yilda foydasini 36,7 foizga oshirib, 1,1 trln so‘mga yetkazdi. O‘tgan yilning mos davridagi sof foyda 808,6 mlrd so‘mni tashkil qilgandi.
Bank foydasi o‘sishiga foizsiz daromadlarning 202 foizga keskin oshishi sabab bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 3,45 trln so‘mdan 10,41 trln so‘mga ko‘paygan.
«Ipotekabank»dan farqli ravishda «SQB» kreditlar bo‘yicha zaxira uchun o‘tgan yilga nisbatan 4,7 trln so‘m ko‘proq ajratdi. Aks holda foyda bundan ham ko‘proq bo‘lardi. Bu bankning IPOga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, «SQB» Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) tarkibida London va Toshkentda IPOga chiqarilgandi. Bankning 40 foizi jamg‘armaga tegishli.
IPO natijasida UzNIF’ning 31 foizi uchun qariyb 700 mln dollarga yaqin mablag‘ jalb qilingandi.
«Infinbank»
2026-yilning II choragi yakunlariga ko‘ra, «Infinbank» foydasi 2,5 barobar ko‘paydi va 353,2 mlrd so‘mga yetdi. Bank o‘tgan yilning shu davrida 136,9 mlrd so‘m foyda olgandi. Foyda o‘sishiga bankning daromadlari sezilarli o‘sgani yordam berdi.
Foizli daromadlar ancha kamtarroq — 12,8 foizga o‘sdi va 1,2 trln so‘mga yetdi. Foizsiz daromadlar esa 112,7 foizga keskin oshib, 791 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Bunda komission daromadlar 248,4 mlrd so‘mdan 623,3 mlrd so‘mga ko‘paygani foyda o‘sishiga asosiy turtkilardan biri bo‘ldi.
Qizig‘i, bankning ish haqi uchun ajratilgan xarajatlari 9,9 foizga kamayib, 166 mlrd so‘mgacha kamaygan.
Ya’ni, «Infinbank» xodimlariga kamroq pul berib, ko‘proq foyda olmoqda. Bunday holat banklarda kamdan-kam sodir bo‘ladi.
«Infinbank»ning asosiy aksiyadori Farhod Mamajonov hisoblanadi. U bir necha oy avval biznes sheriklari bilan aviakompaniya ochgandi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, yaqinda tadbirkor Perfectum Mobile kompaniyasining 50 foizini ham sotib olgan.
Boshqa banklar
Yarim yillikning moliyaviy natijalari boshqa banklarda ham ijobiy yakunlandi. Ayniqsa, ayrim xususiy banklar foyda o‘sishi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etdi.
Qozog‘istondagi «Halyk Bank»ning sho‘’ba banki bo‘lgan «Tenge Bank» birinchi yarim yillikni 22,7 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. O‘tgan yilning mos davrida bank atigi 3,8 mlrd so‘m foyda olgan edi.
Natijada sof foyda qariyb 6 barobar yoki 490,7 foizga oshdi. Bu hisobot bergan banklar orasidagi eng yuqori o‘sish sur’atlaridan biri bo‘ldi.
«TBC Bank» ham yuqori o‘sishni namoyish etdi. Raqamli bank yarim yilda 288,1 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 2,9 barobar yoki 185,1 foizga ko‘p.
Davlatga tegishli «Turonbank» ham foydasini oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Bank birinchi yarim yillikni 22 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 50,6 foizga ko‘p.
Raqamli banklar orasida eng yuqori o‘sishlardan birini «Uzum Bank» qayd etdi. Bank 2026-yilning birinchi yarim yilligida 258,1 mlrd so‘m sof foyda oldi.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bankning sof foydasi 30,4 mlrd so‘mni tashkil etgandi. Natijada «Uzum Bank» foydasi bir yil ichida 8,5 barobar oshdi.
Xususiy banklar orasida «Octobank» ham yuqori moliyaviy ko‘rsatkichga ega. II chorak yakuni bo‘yicha, bank foydasi 5,1 foizga o‘sib, 170,6 mlrd so‘mga yetdi.
Biroq barcha banklarda ham vaziyat bir xil emas.
BAA kompaniyasi egalik qiladigan «Poytaxt Bank»ning sof foydasi bir yilda 15 mlrd so‘mdan 6 mlrd so‘mga tushib, qariyb 60 foizga kamaydi.
«Madad Invest Bank»da ham foyda pasaydi. Bank yarim yillikni 5,95 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,2 foizga kam.
Avvalroq yarim yilda «Hamkorbank» qariyb 1 trln so‘m foyda olgani xabar qilingandi.
Umuman olganda, 2026-yil banklar uchun moliyaviy jihatdan juda foydali bo‘lmoqda. 5 oy davomida O‘zbekistondagi barcha banklar birgalikda 8,5 trln so‘m foyda ko‘rgandi. Bunda o‘sish ko‘rsatkichi 66,7 foizni tashkil qilgan.
II chorak hisobotlari yirik davlat banklari va xususiy banklar yuqori moliyaviy natijalarni qayd etayotganini ko‘rsatmoqda.
Teglar






