
Respublikachilarning AQSH Kongressidagi ustunligi yanada qisqaradi
10.06.2025 | 22:0033513
AQSH Kongressining quyi palatasidagi respublikachilarning biroz ko‘pchiligi yanada zaiflashishi mumkin. Ichki xavfsizlik qo‘mitasi raisi, respublikachi kongressmen Mark Grin o‘z lavozimidan iste’foga chiqish niyatida ekanini e’lon qildi.

Axios nashrining xabar berishicha, Gringa xususiy sektorda «rad etib bo‘lmaydigan» taklif tushgan. U Kongressni Trampning yangi soliq qonuni bo‘yicha yakuniy ovoz berishdan so‘ng tark etadi.
«Men avvalgi Kongress faoliyati tugagandan keyin ketishni reja qilgan edim, ammo prezident Trampning chegara xavfsizligi bo‘yicha ustuvor tashabbuslarini amalga oshirish uchun qoldim», — dedi u.
Grin avvalroq keyingi saylovdga qatnashmasligini aytgan, biroq keyin bu qarorini o‘zgartirgandi. Endi uning ketishi Respublika partiyasi uchun siyosiy tavakkalchilikni oshiradi.
Kongressdagi respublikachilar soni 219 nafarga tushadi, demokratlar esa 212 o‘ringa ega. Bu esa har qanday partiyaviy qonun uchun respublikachilarga bor-yo‘g‘i uchta ovoz yo‘qotish imkoniyatini qoldiradi.
Tennessi shtati qonunchiligiga muvofiq, gubernator Bill Li iste’fo rasman kuchga kirgandan so‘ng 10 kun ichida navbatdan tashqari saylovlarni e’lon qilishi kerak. Saylovlar esa 100–107 kun ichida bo‘lib o‘tadi. Hudud an’anaviy ravishda respublikachi bo‘lgani bois, o‘rinni partiya saqlab qolishi kutilmoqda.
Grinning o‘rniga ichki xavfsizlik qo‘mitasiga Maykl Makkol vaqtincha rahbar etib tayinlanishi rejalashtirilmoqda. U 2026 yilgacha qo‘mitaga rahbarlik qilib, yangi nomzodlarga saylov kampaniyasi o‘tkazish imkonini beradi.





