
Restoran va kafelar yil boshidan beri qancha savdo qilgan?
O‘zbekistonda 2025 yilning 11 oyi mobaynida umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalarning savdo aylanmasi miqdori ma’lum qilindi.

2025 yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish sohasida 26 278 ta tijorat korxonalari faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida umumiy ovqatlanish korxonalarining savdo aylanmasi 215,5 trln so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 15,2 foizga oshgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan jami 1,4 trln so‘mdan ortiq soliq to‘langan.
Jumladan, «International Foodchain» MCHJ (KFC) 78,7 mlrd so‘m soliq to‘lab, sohada birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin «Mak Food Servis» (Evos) MCHJ 56,3 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi. Uchinchi yirik soliq to‘lovchi sifatida «Oqtepa-Food-Service» MCHJ (Oqtepa lavash) qayd etildi — ushbu korxona tomonidan 31,9 mlrd so‘m soliq to‘langan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalariga jami 129,3 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan.





