
Rossiya Bosh shtabi rahbari Gerasimov urush davom etishini ta’kidladi
31.08.2025 | 16:004034
Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Rossiya armiyasi osmon orqali yetkazilayotgan talafotlarga qaramay, hujumlarni davom ettirishini ma’lum qildi

Rossiya Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatish niyatida emas. Bu haqda Rossiya Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov chiqish qilib, 2025 yil kuzgi davri uchun hujum rejalari tasdiqlanishini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Luhansk oblastining 99,7 foiz, Donetskning 79 foiz, Zaporijjyaning 74 foizi va Xersonning 76 foiz hududlarini nazorat qilmoqda. Shu bilan birga, Ukraina hududining umumiy 20 foiz qismi Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan. Biroq bu yerlarning katta qismi urushning dastlabki haftalarida bosib olingan.
Gerasimov 28 va 30 avgust kunlari Kiyev va boshqa shaharlarga qilingan ommaviy raketali hujumlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni «mudofaa sanoati bilan bog‘liq ob’ektlarga zarba» deb baholadi. Ammo Kiyevdagi ko‘p qavatli uydagi portlashda kamida 25 kishi halok bo‘lgan, shulardan 4 nafari bolalar ekani aniqlangan.
Vashingtondagi CSIS tahlil markazi Rossiya armiyasi 2022 yildan buyon 1 millionga yaqin jangchi yo‘qotganini, ularning 250 ming nafari halok bo‘lganini va 400 mingdan ortig‘i nogiron bo‘lib qolganini ma’lum qilgan. Britaniya razvedkasi ham shunga yaqin raqamlarni e’lon qilgan. «Meduza» va «Mediazona» tahlillariga ko‘ra, 2025 yil avgustiga qadar Ukrainada 220 ming rus harbiysi halok bo‘lgan.
The Economist ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi yozgi hujumlar davrida har bir 0,038 km² yer uchun bitta jangchini yo‘qotgan. Bunday sur’atda Donbass hududlarining to‘liq okkupatsiyasi 2029 yildan avval amalga oshmasligi aytilmoqda. Umuman, shu sur’atlarda butun Ukrainani to‘liq bosib olish uchun yana 89 yil kerak bo‘ladi.





