Logo

Rossiya cheklov qo‘ygan beshta eksportchi korxona joylashgan hududlar ma’lum qilindi

Kecha 20:102 daqiqa

Rossiya Federatsiyasi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga vaqtinchalik cheklov joriy etilgan O‘zbekistonning 5 ta korxonasi Xorazm, Surxondaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida joylashgan. Bu haqda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi ma’lum qildi.

Rossiya cheklov qo‘ygan beshta eksportchi korxona joylashgan hududlar ma’lum qilindi

Qo‘mita xabariga ko‘ra, fitosanitariya talablarini muntazam buzish holatlari qayd etilgan mazkur eksportchi korxonalarning:

• 1 tasi Xorazm viloyati Yangibozor tumanida (15 ta holat);
• 1 tasi Surxondaryo viloyati Uzun tumanida (11 ta holat);
• 2 tasi Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida (15 ta holat);
• 1 tasi Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida (7 ta holat) joylashgan.

Mazkur korxonalarning karantin ostidagi mahsulotlarini Rossiya hududiga olib kirish 2026 yil 23-iyuldan boshlab vaqtincha cheklanadi.

Holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlandi

Qo‘mita xabariga ko‘ra, ayni paytda taqdim etilgan rasmiy ma’lumotnoma va e’tiroznomalar har bir korxona kesimida o‘rganilmoqda. Jarayon davomida korxonalarda mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va eksportga tayyorlash bosqichlari, shuningdek, fitosanitariya nazorati hamda kuzatuvchanlik (traceability) tizimining amaldagi holati tekshiriladi.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha milliy qonunchilik va xalqaro talablar asosida tegishli huquqiy va tashkiliy choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, xavflarni kamaytirish va cheklovlarni qisqa muddatda bekor qilish bo‘yicha «Rosselxoznadzor» bilan ishchi muloqotlar olib borilmoqda.

Qo‘mita mazkur cheklovlar faqatgina fitosanitariya talablarini buzgani qayd etilgan ushbu 5 ta korxonaga nisbatan qo‘llanilayotganini yana bir bor eslatib o‘tdi. Belgilangan talablarga to‘liq rioya qilgan holda faoliyat yuritayotgan boshqa mahalliy eksportchilar uchun hech qanday cheklov yo‘q va ularning eksport jarayonlari odatiy tartibda davom etmoqda.

Cheklov haqida

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekistonning 5 ta eksportchi korxonasiga Rossiya tomonidan 2026 yil 23-iyuldan boshlab karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishga nisbatan vaqtinchalik cheklovlar joriy etilayotgani xabar qilingan edi.

Cheklov joriy etilayotgan korxonalar asosan oq boshli karam, gulkaram, piyoz, shivit, petrushka, uzum, lavlagi, pomidor va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilgan. 2026 yil boshidan buyon jo‘natilgan mahsulotlarda 132 ta holatda Rossiya uchun karantin ahamiyatiga ega obyektlar aniqlangan. BUlar qatorida pomidor mevasining jigarrang burishish virusi (Tomato brown rugose fruit virus), Janubiy Amerika pomidor kuyasi (Tuta absoluta), g‘arbiy gul tripsi (Frankliniella occidentalis) va qand lavlagi tomirlarining nekrotik sarg‘ayish benivirusi (Beet necrotic yellow vein benyvirus) kabi zararli organizmlar bor.

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tadbirkorlarni eksport qilinayotgan mahsulotlar O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC), Jahon hayvonlar salomatligi tashkiloti (WOAH), Codex Alimentarius standartlari hamda Jahon savdo tashkilotining (WTO SPS) bitimi talablariga to‘liq muvofiq bo‘lishi shartligi haqida ogohlantirgan. Aks holda, mahsulotlar ortga qaytarilishi yoki O‘zbekiston uchun eksport bozorlari yopilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid