Logo

Rossiya cheklov qo‘ygan O‘zbekistonning 5 eksportchi korxonasi tekshiruvga olindi

Bugun 10:552 daqiqa

Rossiya fitosanitar talablar buzilganini qayd etgan O‘zbekistonning beshta eksportchi korxonasida tekshiruvlar boshlandi. Mazkur korxonalar Xorazm, Surxondaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida joylashgan korxonalar bo‘lgan.

Rossiya cheklov qo‘ygan O‘zbekistonning 5 eksportchi korxonasi tekshiruvga olindi © Ijtimoiy tarmoqlar

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi Rossiya tomoni fitosanitariya talablarini muntazam buzgan deb topgan beshta eksportchi korxona faoliyatini o‘rganishni boshladi.

Avvalroq «Rosselxoznadzor» 23-iyuldan boshlab fitosanitar talablarni eng ko‘p buzgan O‘zbekistonning beshta eksportchisi uchun Rossiya hududiga mahsulot olib kirishga cheklov joriy etganligi haqida xabar berilgandii.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni ushbu qaror bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni O‘zbekistonga taqdim etgan.

Taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, qoidabuzarliklar Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi bitta korxonada 15-marta, Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi bitta korxonada 11-marta, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan ikkita korxonada jami 15-marta hamda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi bitta korxonada 7-marta qayd etilgan.

Nimalar tekshiriladi?


Qo‘mita har bir korxona kesimida mahsulotni yetishtirish, saqlash, saralash va eksportga tayyorlash jarayonlarini o‘rganmoqda.

Shuningdek, fitosanitariya nazorati hamda mahsulotning kelib chiqishini kuzatish tizimining amaldagi holati tekshiriladi. O‘rganishlar yakunlariga ko‘ra milliy qonunchilik va xalqaro fitosanitariya talablari asosida tegishli huquqiy hamda tashkiliy choralar ko‘rilishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, «Rosselxoznadzor» bilan ishchi muloqotlar davom ettirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, fitosanitar xavflarni kamaytirish va joriy etilgan cheklovlarni qisqa muddatda bekor qilish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Boshqa eksportchilarga ta’siri

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi Rossiya tomoni joriy etgan cheklovlar faqat fitosanitar talablarni buzgani qayd etilgan ushbu beshta eksportchi korxonaga taalluqli ekanini ta’kidladi.

Qo‘mitaga ko‘ra, belgilangan fitosanitar talablarga to‘liq rioya qilayotgan boshqa mahalliy eksportchilar uchun hech qanday cheklov joriy etilmagan. Ular mahsulotlarini Rossiya va boshqa tashqi bozorlarga amaldagi tartib asosida eksport qilishda davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid