add

Rossiya dron hujumlarini 9 barobarga oshirdi — Ukrainaga 34 ming dron uchirildi

Rossiya 2025 yilda Ukrainaga 34 mingdan ortiq zarbdor va va chalg‘ituvchi soxta dronlar uchirdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 marta ko‘p.

Rossiya dron hujumlarini 9 barobarga oshirdi — Ukrainaga 34 ming dron uchirildi
The New York Times nashri Ukraina havo kuchlariga tayanib yozishicha, Rossiya bu yilda 34 mingdan ziyod dron — haqiqiy zarbdor va yolg‘on nishon sifatida foydalaniladigan qurilmalarni Ukrainaga uchirgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan qariyb 9 barobar yuqori. Ukraina tomoni bu dronlarning 88 foizini yo‘q qilganini yoki radioelektron kurash vositalari orqali neytrallashtirganini ma’lum qildi. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 93 foizni tashkil etgan. Eng ko‘p dron uchirilgan hafta — iyul oyining ikkinchi haftasi bo‘lib, o‘sha vaqtda 2000dan ziyod dron Ukraina hududiga yo‘llangan. Rossiya eng yirik dron hujumini 7 sentyabrga o‘tar kechasi amalga oshirgan. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, o‘sha tun 810 ta zarba beruvchi va soxta dron jo‘natilgan. Ularning 92 foizi yo‘q qilinganiga qaramay, 63 tasi Ukraina himoya tizimiga chap berib, nishonga urilgan. Ukrainalik harbiy tahlilchi Mikola Beleskov Rossiya dronlardan foydalanish taktikasi o‘zgarganini aytdi. Endilikda dronlar to‘da-to‘da bo‘lib, chalg‘ituvchi trayektoriyalar orqali uchiriladi. Fanera va penoplastdan yasalgan soxta dronlar haqiqiy qurilmalardan farqlanmasligi uchun maxsus ishlab chiqilmoqda. Ular ko‘pincha daryo va o‘rmonlar ustidan o‘tadi, chunki bu hududlarda Ukraina havo himoya tizimlari samarasiz bo‘lishi mumkin. Dron hujumlari 2024 yil sentyabrida kuchaygan — aynan o‘shanda Rossiya ilk marta bir oyda 1000 dan ortiq dron uchirgan edi. The New York Times bu holatni Rossiyada dron ishlab chiqarishning keskin oshishi bilan bog‘lamoqda. Putin hukumatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida dron sanoatida davlat va xususiy salohiyat to‘liq safarbar qilingan. Rossiya hozirda yiliga 30 mingta Shahed turkumidagi dron ishlab chiqarish qobiliyatiga ega, 2026 yilgacha bu ko‘rsatkich ikki barobarga yetishi kutilyapti. The Wall Street Journal ta’kidlashicha, Rossiya dron hujumlarini ko‘pincha AQSH, Ukraina va Rossiya rasmiylari o‘rtasidagi muloqotlardan so‘ng kuchaytiradi. Masalan, Tramp va Putin o‘rtasidagi avgust uchrashuvi arafasida ikki haftangina tanaffus bo‘lgan, keyin esa hujumlar yana avj olgan. Vashingtondagi geotahlilchi Deniyel Mili buni Rossiyaning axborot urushining bir qismi, deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, Kreml AQSH va uning ittifoqchilarini ikkilantirish uchun turlicha signallar beradi.

Teglar

Mavzuga oid