
Rossiya dronlar uchun Xitoy dvigatellarini «muzlatkich» deb xarid qilmoqda — Reuters
24.07.2025 | 17:207573
Rossiya g‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan dron dvigatellarini «sanoat muzlatkichlari» sifatida rasmiylashtirib olib kirmoqda. Bu orqali «Garpiya» dronlari ishlab chiqarish ko‘lami keskin oshgan.

Reuters agentligi yozishicha, Xitoyda ishlab chiqarilgan dvigatellar Rossiyaga yashirin tarzda yetkazilmoqda. Ular rasmiy hujjatlarda «sanoat muzlatkichlari» deb ko‘rsatilib, G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish maqsad qilingan.
Ushbu sxemada Xitoy va Rossiyadagi kompaniyalar ishtirok etmoqda. Ular orqali Rossiyaning davlatga qarashli dron ishlab chiqaruvchi korxonasi — «Kupol» kompaniyasiga texnik qismlar jo‘natilayotgani ma’lum qilingan.
\Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu yetkazib berishlar orqali «Kupol» kompaniyasi 2025 yilda «Garpiya-A1» deb nomlangan zarbdor dronlari ishlab chiqarish hajmini keskin oshirgan. 2024 yilda 2 ming dona dron ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 6 minggacha yetkazilishi rejalashtirilgan. Aprel oyigacha 1,5 mingdan ortiq dron yetkazib berilgan.
Ushbu dronlar Ukraina hududidagi harbiy va fuqarolik infratuzilmasini nishonga oluvchi uzoq masofali hujumlarda faol qo‘llanmoqda. Reuters manbalari ma’lum qilishicha, Rossiya har oyda o‘rtacha 500 dona «Garpiya» dronini ishga solmoqda.
Manbalarga ko‘ra, tovarlarni «muzlatkichlar» deb ko‘rsatish orqali ularni Xitoydan Rossiyaga qonuniy eksport qilish mumkin bo‘lmoqda. Bu esa Xitoy hukumatining nazoratidan yashirinish imkonini bermoqda.





