add

Rossiya hech narsa qilolmadi: Moldovada g‘arbparast partiya g‘olib keldi

29.09.2025 | 18:43357211

Kuzatuvchilar bu saylovni Moldovaning mustaqilligidan keyingi eng muhim voqea deb atamoqda. Saylov ayro yo‘l o‘rtasidagi tanlov sifatida ko‘rilayotgandi: Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish yoki Rossiya tasiriga qaytish.

Rossiya hech narsa qilolmadi: Moldovada g‘arbparast partiya g‘olib keldi
Moldova Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, bugun, 29 sentyabr kuni 99 foizdan ortiq ovoz sanalganda, hukmron «Harakat va birdamlik partiyasi» (PAS) 50,5 foiz, rossiyaparast muxolifatdagi «Vatanparvarlik bloki» esa 24,3 foiz ovoz olgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mayya Sanduning «Harakat va birdamlik» partiyasi g‘olib bo‘ldi. Amaldagi prezident Mayya Sanduning «Harakat va birdamlik partiyasi» (PAS) hukumatni tuzishi uchun parlamentdagi 101 o‘rindan kamida 51 tasini qo‘lga kiritishi kerak. CNNning Antena3 Ruminiya filialiga ko‘ra, bu xulosaga natijalarni qayta taqsimlash orqali kelingan. Ya’ni, parlamentga kira olmagan partiyalar olgan ovozlar boshqa partiyalar o‘rtasida taqsimlangan. Sandu Kishinyovda ovoz berish jarayonida Moldova uchun «katta masalalar hal bo‘layotgani»ni ta’kidladi. U mamlakat demokratiyasini mustahkamlash, hududini himoya qilish va Yevropa Ittifoqiga yaqinlashish yo‘lida katta imkoniyatga ega ekanligini aytdi. Reutersʼga ko‘ra, Moldova xalqi mamlakatda yuqori inflyatsiya darajasi (7 foiz) va energiya importidagi qiyinchiliklarga qaramay, amaldagi hokimiyatni saqlab qolishni tanladi. Saylov natijalari e’lon qilingach, «Vatanparvar blok» rahbari, sobiq prezident, rossiyaparast Igor Dodon parlament oldida norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqirdi. Prezident Mayya Sandu Moldovani besh yil ichida Yevropa Ittifoqiga a’zo qilishni maqsad qilgan. U Rossiya ta’siri kuchaysa, 2,4 mln aholiga ega mamlakat uchun bu xavfli bo‘lishi mumkinligini aytgan. Ruminiya va Ukraina o‘rtasida joylashgan Moldova so‘nggi yillarda Rossiya urushi chegarasidagi notinch hududga aylangan. Mamlakat mustaqillikdan beri g‘arbparast va rossiyaparast yo‘nalishlar o‘rtasida qolib kelgan. Hozir ham Rossiya qo‘shinlarining kichik qismi Moldovadan ajralib chiqqan Dnestrbo‘yi hududida joylashgan. 2020 yildan beri Moldovaga Yevropaga moyil kuchlar hukmronlik qilmoqda. O‘sha yili Harvardda o‘qigan va Jahon bankida ishlagan sobiq amaldor Mayya Sandu prezidentlik saylovida katta farq bilan g‘alaba qozongan. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Moldovada Yevropaga moyil partiyaning g‘alabasini tabrikladi. U X ijtimoiy tarmog‘ida: «Moldova, yana uddalading. Qo‘rquv va bo‘linish chaqiriqlari sizni to‘xtata olmadi. Siz Yevropa, demokratiya va ozodlikni tanladingiz. Eshigimiz ochiq, biz siz bilan birgamiz. Kelajak sizniki» deb yozdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham natijani olqishlab, Rossiya katta kuch va resurs sarflaganiga qaramay, Moldovani beqarorlashtira olmaganini ta’kidladi.   Rossiya aralashuvi Moldova hukumati boshidanoq Rossiyaning muhim saylovlarga aralashish uchun katta kampaniya boshlayotganidan ogohlantirgan. Xususan, Moldova sobiq tashqi ishlar vaziri Niku Popesku CNNga bergan intervyusida 1991 yilda sovet ittifoqi qulashi bilan mustaqillikka erishgan Moldovaga so‘nggi paytlarda Rossiya tomonidan muxolifatni kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli kampaniya — naqd pul, kriptovalyuta va dezinformatsiya «to‘lqini» amalga oshirilayotganini aytgan. Shuningdek, Belgiya, Italiya, Ruminiya, Ispaniya va AQSHdagi saylov uchastkalariga Rossiyaning aralashuvi doirasida bomba tahdidlari bo‘lgan. Sandu Facebookdagi postida ayrim saylovchilar chet eldagi uchastkalarga noqonuniy ravishda, pul evaziga olib borilganini aytgan. Ayrim joylarda bo‘sh byulletenlar olib chiqilib, keyin «muhrlangan holda qayta kiritilishi» haqida ham ma’lumotlar kelib tushgan. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Stanislav Sekrieruga ko‘ra esa saylov kuni bir qator hodisalar sodir bo‘lganini bildirdi: saylov tizimlari va hukumat veb-saytlariga kiberhujumlar, chet eldagi saylov uchastkalariga bomba qo‘yish haqidagi yolg‘on tahdidlar va saylovchilarni noqonuniy ravishda saylov uchastkalariga olib borish holatlari kuzatilgan. Bosh vazir Dorin Rechanning so‘zlariga ko‘ra, barcha hujumlar vaqtida aniqlanib, zararsizlantirilgan va saylov jarayoniga ta’sir qilmagan. Politsiya Moldovaning Rossiyaga xayrixoh bo‘lgan Dnestrbo‘yi mintaqasida xavfsizlik xizmatlaridan bo‘lganlikda gumon qilingan uch kishini qo‘lga olgan. Ular «ommaviy beqarorlik va tartibsizliklar» ni keltirib chiqarishni rejalashtirganlikda ayblangan. Moskva va «Vatanparvarlik bloki» partiyasi rahbari Igor Dodon bu da’volarning barchasini rad etgan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu safar Rossiya saylovchilarni, ayniqsa liberallarni, ovoz berishdan qaytarishga uringan.   Mayya Sandu kim? Mayya Sandu — Moldovaning siyosatchisi va davlat arbobi, mamlakat tarixida prezidentlikka saylangan birinchi ayol hisoblanadi. U 1972 yil 24 may kuni tug‘ilgan. Sandu Moldova Iqtisodiy Tadqiqotlar Akademiyasida va Davlat Boshqaruvi Akademiyasida tahsil olgan, shuningdek, Harvard universitetining Kennedy davlat boshqaruvi maktabida jamoat siyosati bo‘yicha magistr darajasini olgan. U 2012–2015-yillarda Moldova ta’lim vaziri sifatida faoliyat yuritib, o‘quv tizimida shaffoflik va sifatni oshirishga qaratilgan islohotlar olib borgan. 2015 yilda «Harakat va birdamlik» (PAS) partiyasiga asos solib, uni Moldovaning yevropaparast siyosiy kuchiga aylantirdi. 2019 yilda qisqa muddat bosh vazir lavozimida ishlagan. 2020 yilda u prezidentlik saylovida g‘alaba qozonib, mamlakat tarixida ilk bor ayol prezident sifatida saylandi. 2024 yilda esa ikkinchi muddatga qayta saylandi. Sandu o‘z siyosatida korrupsiyaga qarshi kurashish, sud tizimini isloh qilish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash va Moldovani Yevropa Ittifoqiga yaqinlashtirishni asosiy maqsad qilib olgan. U Rossiyaning Moldovadagi siyosiy aralashuvlari va dezinformatsiya kampaniyalariga qarshi qat’iy pozitsiya tutib keladi. bugungi kunda Mayya Sandu Moldova siyosatida g‘arbparast yo‘nalishni ifodalaydigan eng muhim shaxs sifatida tanilgan. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid